Maqola

274 20/03/2025

AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik Migrant.uz saytiga eksklyuziv intervyu berdi.

-Bilamizki, odatda yuqori minbarlardan turib migrantlar haqida salbiy fikrlar aytilishi, polisiya reydlari, ommaviy deportatsiyalar haqidagi xabarlar Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda kuzatilardi. Bu jarayon yangi ma’muriyat davrida AQSHda ham boshlandi. Migratsiya muammosi AQSH uchun shunchalar muhimmi?

-Aniq aytishim kerak: Prezident Trampning eng muhim ustuvor vazifasi – Amerika chegaralarini himoyalash, noqonuniy migratsiyani to‘xtatish va noqonuniy muhojirlarni o‘z vatanlariga qaytarish. Demak, shubhasiz, bu Qo‘shma Shtatlar uchun juda muhim masala. Aytishim kerakki, bu potensial muhojirlar uchun ham muhim. Ba’zi muhojirlar Qo‘shma Shtatlarga borishga urinib, ularning safarini uyishtirish yoki AQShda ish topishda yordam berish haqida yolg‘on va’dalar bergan qalloblarning qurboniga aylanganlar. Ular bu begunoh jabrlanganlardan katta miqdorda pul olganlar va ularni xavfli jinoyatchilar, to‘dalar va kartellar panjasiga tushiradigan safarga jo‘natganlar. Natijada ko‘pchiligi jinoyat qurboniga aylangan. Shuning uchun, biz bu noqonuniy migratsiyani to‘xtatish nafaqat Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga, balki ushbu qalloblar va jinoyatchilarning qurboni bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha muhojirlar manfaatlariga ham mos keladi deb hisoblaymiz.

-Noqonuniy migratsiyaga qarshi siyosatga AQSH fuqarolarining munosabati qiziq. Migrantlarning ommaviy ravishda deportatsiya qilinishi ayrim sohalardagi ishchi kuchi yetishmasligi, xizmatlarning qimmatlashuvi, resurslar tanqisligiga sabab bo‘lyotgani haqida gap-so‘zlar bor.

-Albatta, Qo‘shma Shtatlarda turli xil fikrlar mavjud va siz kim bilan gaplashishingizga qarab turlicha javoblar olishingiz mumkin. Ammo, menimcha, Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish va noqonuniy muhojirlarni o‘z vatanlariga qaytarishni ta’minlash tarafdori bo‘lgan aksar ko‘pchilik borligini ishonch bilan aytish mumkin. Kelajakda, Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy migratsiya masalasi nazorat ostiga olingach, AQShning qonuniy migratsiyaning qaysi turlarini osonlashtirmoqchi ekanligi haqida ko‘proq muhokamalar bo‘lishiga ishonchim komil.

-Yaqinda, fevral-mart oylarida, bir necha o‘zbekistonlik migrantlar vatanga deportatsiya bilan olib kelindi. O‘zi AQSHda qancha O‘zbekiston fuqarolar bor? Ularning qanchasi nonuniy yuribdi? Talabalar soni qancha? AQSH-O‘zbekiston munosabatlari o‘rnatilgandan buyon qancha o‘zbekistonlik AQSH fuqaroligini olgan?

-Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbeklar soni haqida aniq ma’lumotlarim yo‘q. Ammo AQShga qonuniy ravishda ko‘chib kelgan va hozir o‘zbek amerikaliklar bo‘lgan yuz minglab o‘zbeklar borligini bilaman. Men Nyu-York va Filadelfiya kabi shaharlarda ularning ko‘pchiligi bilan uchrashganman. Ular qonunga itoatkor AQSh fuqarolari bo‘lib, o‘zbek ekanliklaridan juda faxrlanadilar va O‘zbekiston bilan aloqalarini saqlab qolishgan. Bundan tashqari, ko‘plab talabalar bor. Aslida, AQShdan O‘zbekistonga va O‘zbekistondan AQShga borayotgan sayyohlar, talabalar va tadbirkorlar soni tobora ko‘payib bormoqda. Biz bunday sayohatlarni rag‘batlantiramiz. O‘ylashimcha, AQShda qonuniy talaba maqomida mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ularning AQShdagi maqomi borasida hech qanday muammo yo‘q. Shu bilan birga, so‘nggi bir necha yil ichida ko‘rganimizdek, ko‘plab o‘zbekistonliklar Markaziy Amerika hududidagi xavfli yo’llar orqali AQShga kirishgan. Buning natijasida, taxminan, AQShda noqonuniy bo‘lib turgan minglab o‘zbekistonliklar bor. Ochig‘ini aytganda, men bu shaxslarga O‘zbekistonga o‘z ixtiyorlari bilan qaytishni maslahat berardim, chunki aks holda ular AQShda qamoqqa olinishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.

-O‘zi O‘zbekistondan AQSHga qonuniy ishlash uchun borish imkoniyatlari bormi? O‘zaro kelishuv asosida tashkiliy migratsiya masalasida kelishuvlar yo‘lga qo‘yilishi mumkinmi?

-Yuqorida aytganimdek, AQShga sayyohlik, o‘qish va hatto ishlash uchun borish imkoniyatlari mavjud. AQShning Silikon vodiysida va boshqa sohalarda ishlaydigan bir qancha o‘zbekistonliklar borligini bilaman. Odatda, AQShda bu jarayon shunday kechadiki, chet elliklarni ma’lum lavozimlarga ishga olmoqchi bo‘lgan Amerika kompaniyalari odamlarning AQShga kelishi uchun cheklangan miqdordagi ish vizalaridan birini olish uchun hukumatga murojaat qilishlari kerak. Albatta, O‘zbekiston fuqarolari ham bu dasturda ishtirok etish huquqiga ega. Biroq, siz aytayotgan ikki tomonlama kelishuv turi ko‘proq malakasiz mehnat muhojirlariga taalluqli. Bunday turdagi kelishuvlar, menimcha, hozirda AQShda mumkin emas.

-O‘zi AQSH iqtisodiyotida tashqi ishchi kuchiga ehtiyoji bormi?

-Men iqtisodchi emasman va AQShdagi turli sohalarning o‘ziga xos ehtiyojlari haqida gapira olmayman. Ammo oxir-oqibat bu iqtisodiy emas, balki siyosiy masaladir. Hozirgi kunda AQShda har qanday noqonuniy immigratsiyaga chek qo‘yish dasturi bilan saylovlarda g’olib bo’lgan ma’muriyat ish olib bormoqda. Ammo ishonchim komilki, ular ma’muriyat doirasida va ehtimol Kongress bilan birgalikda kelajakda qonuniy migratsiyaning qaysi turlarini osonlashtirish kerakligi haqida muhokamalar o‘tkazishadi.

– Diversifikatsion lotereya — “Grin-karta” orqali ham mamlakatga turli xil odamlar kirib keladi. Shu borada qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli bormi? Masalan, oliy ma’lumot va malaka talabi…

-Siz aytganingizdek, bizda xilma-xillik vizalari uchun lotereya ya’ni “grin karta” dasturi mavjud. O‘zbekiston aholisi ko‘p yillardan buyon ushbu dasturning eng faol ishtirokchilaridan biri bo‘lib kelmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston fuqarolarining muntazam ravishda AQShga ko‘chib o‘tishi, immigratsion viza maqomini olishi va oxir-oqibat AQSh fuqaroligiga ega bo‘lishi kuzatilmoqda. Bu dastur hali ham ochiq. Ushbu dasturga qandaydir yangi talablar kiritilgani haqida xabar eshitmadim. Ammo, oxir-oqibat, bu dastur ham AQShdagi qonunchilik va siyosiy qarorlarga bog‘liq. Afsuski, hozircha dasturning kelajagi haqida aniq bir narsa ayta olmayman, lekin biz o‘zbekistonliklarni dasturda ishtirok etishni davom ettirishga chaqirib qolamiz.

So‘nggi savolim Youtube monetizatsiyasi masalasida. Avval ham bu masalasida sizdan so‘ragan edik. Siz Youtube bo‘yicha gaplashib ko‘rmadingizmi?

-Bu savolga javob berishdan oldin, AQShga migratsiya masalasi haqida yana bir narsani aytmoqchiman: O‘zbekiston hukumatining bu masaladagi yaqin hamkorligi uchun chuqur minnatdormiz. Tramp ma’muriyati iqtidorga kelishidan ancha oldin ham O‘zbekiston AQSh bilan noqonuniy immigratsiyani kamaytirish, odam savdosi uchun javobgar bo‘lgan ko‘plab jinoyatchilarni hibsga olish va O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz qaytarishga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlik qilib kelgan. Biz hukumat bilan yaqin hamkorlikni davom ettiryapmiz va ularning sa’y-harakatlaridan juda minnatdormiz.

YouTube masalasiga kelsak: O‘zbekistonda monetizatsiyani yoqish Google va YouTube uchun juda foydali bo‘ladi degan fikrga shaxsan qo‘shilaman. Jurnalistlar internetga joylashtirgan kontentdan qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratilsa bu holat barqaror, mustaqil jurnalistika rivojiga hissa qo‘shadi deb o‘ylayman. Suhbatlarimiz natijasida men shaxsan Google va YouTube rahbariyatiga murojaat qilib, monetizatsiyani yoqish jarayonini tezlashtirishni so‘radim. Biroq, bu qaror oxir-oqibat AQShdagi mazkur xususiy kompaniyalar tomonidan qabul qilinadi. Biz ular bilan ishlashni davom ettiramiz va imkon qadar tezroq harakat qilishga undaymiz.

-Bizni dunyoning turli mintaqalaridan muhojirlar, yurtdoshlarimiz kuzatishadi. Suhbat yakunida ularga aytar gaplaringiz bo‘lsa, marhamat!

-Albatta! Avvalo, bugun tashrif buyurganingiz uchun rahmat. Suhbatimiz menga mamnuniyat bag‘ishladi. O‘zbekistonning mehnatsevar, tadbirkor va iqtidorli fuqarolari ish topish uchun chet elga borishlariga hojat qolmaydigan vaqtlar ham kelar. Biz hukumat bilan hamkorlikda o‘zbekistonliklar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga yordam berishni maqsad qilganmiz, toki ular o‘z yurtlarida qolib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga bevosita hissa qo‘sha olsinlar. Aslida, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarimizda asosiy e’tiborimiz aynan shu masalaga qaratilgan. Biz O‘zbekiston bilan kengaytirilgan strategik sheriklik aloqalariga egamiz. Faoliyatimizning katta qismi AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, ish o‘rinlari yaratish uchun ko‘proq AQSh kompaniyalarini jalb qilish va O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ochishga qaratilgan. Shunda O‘zbekiston xalqi, aytganimdek, yaxshi ish topish uchun chet elga borishi shart bo‘lmaydi va o‘z yurtining rivojlanishiga bevosita hissa qo‘sha oladi.

Muslim Mirzajonov suhbatlashdi

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya