Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2025-yilning 5-mart kunidan boshlab o‘z veb-saytida Rossiyada qolish uchun huquqiy asoslari tugagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ma’lumotlarining ochiq reyestrini ishga tushirishini ma’lum qilidi. Bu haqida hukumat qarori loyihasida aytilgan, deb yozmoqda «TACC» agentligi.
Hujjatga ko‘ra, reyestrda xorij fuqarosining ma’lumoti bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumotlarni so‘rov orqali olishi mumkin bo‘ladi. Biroq xorij fuqarosining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi, shaxsini tasdiqlovchi hujjati ma’lumotlari maxfiy qoldiriladi, deyiladi xabarda. Aynan qaysi ma’lumotlar reyestrdan olinishi va u ma’lumotlar qanday ko’rinishda bo’lishi hozircha aniq emas.
Ichki ishlar vazirligining veb-saytidagi ma’lumotlar bazasi avtomatik tarzda har 24 soatda yangilanib boriladi. Xorijiy fuqaroning ma’lumotlari uning maqomi o‘zgarganidan keyin reyestrda 24 soat ichida yangilanadi.
“Operator barcha so‘rovlarning tarixini besh yil davomida saqlab qolishni ta’minlaydi”, — deyiladi loyihada.
Eslatib o‘tamiz, reyestrning joriy etilishi “Rossiya Federatsiyasida xorij fuqarolarining huquqiy holati to‘g‘risidagi” qonunga kiritilgan o‘zgarishlar doirasida amalga oshirilmoqda. O‘zgarishlardan biri Rossiyada qolish uchun huquqiy asosi qolmagan xorij fuqarolariga nisbatan “chiqarib yuborish rejimi”ni kiritish va ushbu rejimga tushgan migrantlarning ro‘yxati – reyestrni tashkil etilishidan iborat.
Rossiyadan chiqarib yuborish rejimiga mamlakatda qolish uchun asosi qolmagan migrantlar:
– migratsiya qaydi muddati tugagan;
– patenti bekor qilingan yoki tugagan;
– “РВП”, «ВНЖ» hujjatlari bekor qilingan;
– Rossiyaga kelish uchun taqiqqa tushgan;
– Rossiyadan sud orqali chiqarilib yuborilganlar va boshqalar kiritiladi.
Reyestr ishga tushishidan avval turli davlat idoralari mansabdorlari kichik huquqbuzarliklarni sodir etgan xorijiy fuqarolar uchun amnistiya e’lon qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan edi.