
Novosibirskda deyarli har ikkinchi migrant bola rus tilidan majburiy imtihondan o‘ta olmadi. Bu haqda shahar ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Ramil Axmetgareyev o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilda shahardagi uchta — 77, 91 va 167-maktabda birinchi sinfga bormoqchi bo‘lgan 70 nafar xorijlik bola testdan o‘tkazilgan. Ulardan 39 nafari rus tilini yetarli darajada bilgan, 31 nafari esa qoniqarli baho ololmagan. Sinov endi uch oydan keyin qayta topshirilishi mumkin.
Rossiyada 2025-yil 1-apreldan barcha migrantlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlari rus tilidan imtihon topshirishlari shart bo‘lgan yangi qoida joriy etildi. Agar bola testdan o‘ta olmasa, yangi qonunga ko‘ra u na boshlang‘ich, na o‘rta maktabga qabul qilinmaydi.
Qonun mualliflaridan biri, Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Irina Yarovaya 2024-yil dekabrida “maktab o‘quvchini tayyorlash emas, balki o‘qitishi kerak”, degan edi. U migrantlar o‘qishga tayyor bo‘lmagan farzandlarini Rossiyaga olib kelmasligini ta’kidlagan edi.
Rossiya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Zubovning ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatda xorijliklarning 638 mingga yaqin voyaga yetmagan bolalari bor. Uning ta’kidlashicha, ularning ba’zilari maktabga bormasligi ham mumkin, ammo ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda.
Endi bola Rossiyada o‘qishi uchun rus tilini talab darajasida bilishi kerakligini migrantlar tushunishi kerak. Bu majburiy talabga aylandi.