
AQShda Nyu-York Avtotransport departamenti (DMV) xodimlari bilan bog‘liq janjal avj oldi. Bir nechta agentlik xodimlari odamlarga og’ir yuk mashinalari va tijorat transport vositalari uchun litsenziya – CDL haydovchilik guvohnomalarini imtihon topshirmasdan noqonuniy ravishda olishga yordam berishda ayblanmoqda.
News Nation xabariga ko‘ra, sxema ishtirokchilaridan biri, ayol Jeymi Middlton erkak qiyofasida haqiqiy nomzodlar o‘rniga test topshirgan. Qalloblik 2023-yilning mart-sentyabr oylari orasida bo‘lib o‘tgan. Uning singlisi, Long-Aylenddagi Garden Sitidagi DMVning sobiq xodimi Kanaisha Middleton ham firibgarlikda ishtirok etgan.
Tergovchilar har bir “muvaffaqiyatli” imtihondan 1500 dan 3000 dollargacha pul undirilganini aniqladi. Jeymi to’qqizta sinovdan o’tishga muvaffaq bo’lgan va faqat bittasida muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Xavfsizlik kameralarida uning imtihonga parik, soxta soqol bilan kelgani ko‘rinadi. Biroq videolarga uning uzun, bo‘yalgan tirnoqlari ham tushib qolgan. DMV xodimining aytishicha, u 2023-yil 9-iyun kuni testni erkak nomi ostida topshirayotgan ayolni aniq ko‘rib, shubhalanib qolgan.
Prokurorlarga ko’ra, firibgarlik tufayli ko’plab tayyorgarligi yo‘q haydovchilar tijorat guvohnomalarini olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu ishda opa-singillar Middlton bilan bir qatorda DMV xodimlari Satoya Mitchell va Tavana Uitfild, Xempsted shahri xodimlari Jeyms Nurs va Reni Sarduy va litsenziya talabgori Omesh Moxan ham ayblanmoqda.
Agar aybdor deb topilsa, har bir ayblanuvchi ikki yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Qo’shma Shtatlarda ishlayotgan migrant haydovchilar uchun bu voqea muhim eslatma bo’ladi: litsenziya olishning «oson yo’llarini» qidirmang. Har qanday firibgarlik urinishlari nafaqat litsenziyani yo’qotishga, balki jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin.