Ximki shahrining Bibliotechnaya ko‘chasidagi kafeda savdo qilayotgan migrantning qaysarligi boshiga balo bo‘ldi.
O‘sha kafega shaurma yeyish uchun kelgan bir necha yigitlardan biri “qachondir, kimdir shu kafeda shaurmadan zaharlangani” haqida gapirgani hikoyamiz qahramoniga yoqmadi. Xo‘randaning gapi juda qattiq ta’sir qildi shekilli, ularga xizmat qilishdan bosh tortib boshqa joyga ketishlarini aytdi.
Biroq mijozlar ham anoyi emasligini isbotlamoqchi bo‘lib, qonun bo‘yicha ularning buyurtmasini rad etib bo‘lmasligini da’vo qilishdi. Buning ustiga politsiyaga qo‘ng‘iroq qilish bilan tahdid qilishdi. Shaurmachining ham g‘azabi qaynab ularni ham, politsiya-yu qonunlarni ham ham «uzoq joylarga» jo‘natib yubordi.
Ammo bir necha daqiqadan so‘ng politsiya yetib keldi. Unga ham shaurma sotmasligini aytganidan so‘ng politsiya uning hujjatlarini tekshirishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, uning ishlash uchun ruxsatnomasi yo‘q ekan.
Qaysar shaurmachi politsiya bo‘limiga olib ketildi, shundan so‘ng uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Natijada, o‘jarlar tortishuvida baribir migrant mag‘lub bo‘ldi va endi shaurmani o‘zi tug‘ilib o‘sgan joylarida pishiradi.
Ushbu hikoya siz yashayotgan mamlakat qonunlariga rioya qilish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.