
Oʻzbekistonlik talaba Tuladagi oʻquv yurtidan haydalganidan keyin Rossiyada boʻlish huquqini yoʻqotdi. Yigit oʻrta maxsus ta’lim olayotgan edi, biroq oʻqishni muddatidan oldin toʻxtatdi. Shu sababli uning oʻqish asosida berilgan ish patenti bekor qilindi. Rasmiylar uning mamlakatda boʻlish muddatini qisqartirib, uning oʻzi koʻrsatgan manzilga rasmiy bildirishnoma yuborgan.
Qonunga koʻra, sobiq talaba uch kun ichida Rossiyadan chiqib ketishi kerak edi. Biroq u Tulada qoldi. Uni koʻchada toʻxtatgan DPS xodimi muhojirning mamlakatda noqonuniy ravishda boʻlib turganini aniqlagan. Migrant qoʻlga olindi, ma’muriy bayonnoma tuzildi va jazo tayinlandi: 2000 rubl jarima va mamlakatdan chiqarib yuborish.
Biroq bunga rozi boʻlmagan oʻzbekistonlik yigit himoyachi yollab, ushbu qaror ustidan sudda shikoyat qilishga harakat qildi. Advokat erkakning patent bekor qilinganidan xabari boʻlmaganini, mamlakatdan chiqarib yuborish esa uning oilaviy hayotga boʻlgan huquqini buzishini ta’kidladi.
Tuman sudi ushbu dalillarni qabul qilmadi, chunki rasmiy bildirishnoma qonunga muvofiq yuborilgan edi, bilmaslik esa javobgarlikdan ozod etmaydi. Chet ellikning rafiqasi ham oʻzbekistonlik, shu sababli oila Oʻzbekistonda birga yashashi mumkin.
Sud mamlakatdan chiqarib yuborishni jarima bilan almashtirishga imkon beradigan hech qanday alohida yengillashtiruvchi holatlarni topmadi. Himoyachi Tula viloyat sudiga murojaat qildi, biroq u yerda ham qaror oʻzgarishsiz qoldirildi.