Maqola

906 05/01/2026

– Rossiyada homiladorlik qiyin, ammo tug‘ish yaxshi, – deydi Moskvada farroshlik qilayotgan Shahlo. – Ayniqsa, oxirgi oylarda sabr qilishga to‘g‘ri keladi. To‘qqizinchi oygacha ham ishlaganlar bor, ammo menda avval homila tushishi bo‘lgani uchun yettinchi oydan keyin uyda o‘tirdim.

Muhojirlikda homiladorlik va farzand ko‘rishga o‘zbek ayollari qanday qaraydi? Bu jarayondagi tajribalari, fikr va xulosalari haqida 29 yoshli buxorolik migrant ayol hikoya qilib berdi:

“Rossiyaga kelgunimcha o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Boshlang‘ich sinflarga dars berardim. Keyin turmushga chiqdim. Ko‘p o‘tmay, turmush o‘rtog‘im tirikchilik uchun Moskvaga ishlashga ketdi.

Erim bilan 5 yil davomida yilda bir marta – bir oylik ta’tilga kelganida birga yashaganman. Qolgan vaqtlari faqat videoqo‘ng‘iroqlarda gaplashardik.

Bo‘yimda bo‘lavermaganidan keyin qaynona-qaynotam meni erimning yoniga yuborishga qaror qilishdi. Rossiyaga kelib, avvaliga 3 oy uyda o‘tirdim. Keyin erim bilan o‘ylab ko‘rib, mening ham ishlashimga kelishdik.

Qozog‘iston chegarasiga chiqib kelib, hujjat qildik. Yashab turgan uyimizga yaqin joyda ko‘pqavatli uy yo‘laklarini tozalash ishi topildi.

2024 yilning bahorida homilador bo‘lganimni bildim, juda hursand bo‘ldik. 4 yil kutgan farzandimiz edi. Homiladorligimni hayz to‘xtaganidan taxmin qilib, test qilib bildim. Keyin odatdagidek ishlashda davom etdim.

Ishim qiyin emasdek edi: tongda turib yo‘laklarni supurib tozalayman, zinalarni yuqaman. Chiqindilarni to‘plab maxsus joyga olib borib tashlayman. Keyin uyga kelib kun davomida dam olaman. Kechki payt yana uylarni aylanib, chiqindi tashlangan, ifloslangan joylarini tozalab chiqaman.

Bir kuni hamkasbim shamollab qolib, ishga kelolmagandi. Yo‘lakdagi qorlarni bir o‘zim kurab tozaladim. Shu og‘irlik qildimi, yoki sovuqlar ta’sir qildimi, bilolmadim. Belim pastga tortib qattiq og‘ridi. Uyga yetib borganimda, qon ketishni boshlagandi. Erim ishda, chaqirsam ham kelolmasdi. O‘zim doktorga boray desam, ruscha bilmayman.

Tanish ayollarga aytib, xususiy klinika topgunimizcha homilam tushdi. Qirg‘izlarning klinikasiga bordik, u yerda tozalov qilishdi. Juda qattiq siqildim. Bo‘yimda bo‘lganini bilganimdayoq darrov ishni tashlab uyga ketsam bo‘larkan, deb afsuslanib yig‘ladim. Erim istasang uyga bor, dedi.

Lekin bola tushib bo‘ldi, ketganimni foydasi yo‘q edi. 2-3 kun dam olib, yana ishga chiqib ketdim.

Keyingi homiladorligimni bir yildan keyin, qish-bahorda o‘tkazib, yozga chiqib tug‘dim. Bu gal o‘zimni, homilamni asradim. Xususiy klinika topib, u yerda qatnab turdim. O‘zbekchani biladigan qirg‘iz shifokor o‘zimni ham, bolamning ham sog‘ligini nazorat qilib turdi.

Tahlillar, dori-darmonlaru tekshiruvlar biz uchun qimmat edi. Ammo farzandli bo‘lishim ketayotgan pullarning oldida ahamiyatsiz edi. Yoshimiz katta, tezroq bolali bo‘lish haqida o‘ylardim. Uyga yuboradigan pulimizning miqdori kamaydi, homiladorlikning yaxshi o‘tishi uchun sarflandi. Tug‘ish uchun ham jamg‘ara boshladik.

Avgustning boshida “ko‘zim yoridi”. Dard kelishi bilan “Tez yordam” chaqirdik. Bizga “Tez yordam” bilan borilsa, tug‘ruqxonalar muammosiz qabul qilishini o‘rgatishgandi. Shifokorlar yaxshi kutib oldi, ammo sug‘urta so‘radi. Patentimdagi sug‘urta o‘tmas ekan. Men qirg‘iz doktor bergan homiladorlik “qog‘ozi”ni berdim. Hujjat degani ham shunaqa bo‘ladimi, degan gapga o‘xshash gap qilib kuldi. Ammo baribir, qabul qildi.

Tug‘ruqxona juda zo‘r! Harholda, bizdek boshqa joylardan kelgan ayollarga ham yaxshi qarashgani va odam ajratishmaganidan juda xursand bo‘lib ketdim.

Tashqaridan na odam, na biron yegulik kiritiladi. Hammasi shifoxonadan. Dori-darmon, qo‘shimcha xizmatlar, hech biriga pul olinmadi. Bitta xonada bir o‘zim yotdim. Chaqalog‘imni vaqti-vaqti bilan olib kirishardi, o‘zim emizimni birinchi kundan tayinlashdi. Har kuni shifokor ko‘rigi, hamshiralar nazorati bo‘ladi.

Bolaning tug‘ilganligi haqidagi hujjatni ham oldim. Tug‘ruqxonadan chiqishda esa katta bir sumka to‘la sovg‘a-salomlar bilan chiqdik. Ichida chaqaloq uchun zarur hamma narsa tayyor. Tagliklar, sut idishlari, so‘rg‘ich, sochiqchalar, hatto o‘yinchoqlar.

Eng qizig‘i, Moskva shahar merining tabrik qog‘ozi ham bor edi. Unda hurmatli ona, sizni farzandli bo‘lganingiz bilan tabriklayman, deb yozilgandi. Tagiga qo‘l ham qo‘yilgandi.

Moskva tug‘ruqxonasidagi tug‘ishim – birinchi homilam tushib qolgandagi siqilib yig‘laganlarim, uyga ketgim kelgan paytlar esimdan chiqardi. Er-xotin juda baxtli bo‘ldik. O‘zbekistonda bunday tug‘ishni tasavvur ham qila olmasdik. Beixtiyor taqqoslaydi odam…

Boshida ikki-uch marta uyga hamshiralar keldi, keyin negadir kelishni to‘xtatishdi. Ammo bolam sog‘lom, yaxshi o‘sayapti.

Yaqinda Moskvada millatchilik tufayli maktabda bir tojik bolachani o‘ldirishgani voqeasi hammani tashvishlantirib qo‘ydi. Shunda biz uchun yana uyga qaytish masalasi ko‘tarildi. Men ota-bolani ayirmaylik, dedim. Ular bir-biriga juda o‘rganishdi. Men ham muhojirlikda bo‘lsak-da, oilamni to‘liq his qilayapman.

Yana o‘ylayapmanki, bu yerdagi imkoniyatdan foydalanishim kerak. Ya’ni, ikkinchi farzandimni ham shu yerda tug‘sam deyman. Ungacha qishloqdagi uyimiz bitib qolsa, keyin oilaviy qaytib ketsak bo‘ladi”

Shaxloning hikoyasi Rossiyada homiladorlik va farzand ko‘rish bilan bog‘liq bir necha muammolarni ko‘rsatadi:

1. Ijtimoiy omillar: oila mustahkamligining migratsiyaga bog‘liq jihatlari.
2. Iqtisodiy omillar: homiladorlikda ish va daromad masalasi.
3. Mehnat qonunlarining muhojirlar uchun amalda “ishlamasligi”.
4. Tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishda muhojir ayollar huquqlarining cheklanganligi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasidagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 1 yarim millionga yaqin. Ularning qariyb 30% ni ayollar tashkil etadi. Migrant ayollar orasida esa, homiladorlik va onalik bo‘yicha ko‘rsatkichlar qaydlari ochiq manbalarda ko‘rsatilmagan.

Onalik ayol uchun migrant bo‘ladimi, mahalliy aholi vakilimi, teng maqomdir. Ayolning homiladorlik davri sog‘lom kechishi, ona va bolaning malakali shifokorlar nazoratida bo‘lishi eng muhim jarayon. Shundan kelib chiqqan holda, tahlilchilar O‘zbekiston va Rossiya tomonlari kelishuviga qo‘shimchalar kiritishni tavsiya qiladilar.

Migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Valentina Chupikka ko‘ra, Rossiyada migrant ayollarning quyidagi ehtiyojlarini qondirishni ta’minlash lozim.
– Tibbiy xizmatlarga qulaylik: Vaqtida prenatal ko‘rik, UZI va tahlillar. Rossiyada muhojirlar uchun maxsus klinikalarni ko‘paytirish zarur.
– Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash: Tug‘ish va homiladorlik xarajatlarini qoplash uchun imtiyozlar. Ko‘p ayollar pul yo‘qligi sababli shifokorga bormaydi.
– Psixologik va ijtimoiy yordam: Stress va depressiyani yengish uchun maslahatlar. Diasporalar va NNTlar rolini oshirish.
– Huquqiy ma’lumot: Rossiya qonunlari haqida ma’lumot, jumladan, bola tug‘ilgandan keyin fuqarolik olish.

Tahlilchi bu ehtiyojlar qondirilmasa, ona va bola sog‘lig‘i xavf ostida qolishidan ogohlantiradi.

“Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojir ayollarning homiladorlik va tug‘ish tajribasi qiyinchiliklarga to‘la, ammo ularning ehtiyojlarini hal qilish mumkin. Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari hamkorlikda tibbiy xizmatlarni yaxshilash, ma’lumot tarqatish va qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratishi kerak. Bu nafaqat ayollar sog‘lig‘ini saqlaydi, balki migratsiya siyosatini samaraliroq qiladi”, deydi Valentina Chupik.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrant ayollarning homiladorlik va farzand ko‘rish tajribalari muammolarini qonunchilikni amaliyotga moslashtirish va hamkorlik orqali ularni hal etish mumkin. Bu nafaqat muhojir ayollarning huquqlarini himoya qiladi, balki jamiyat uchun sog‘lom ona va bola dasturining rivojlanishiga hizmat qiladi.

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya