Turkiyalik Ummuxan O‘zden ismli stendapchi sahnada uzun kipriklar haqida gapirib, uning o‘zbek yengiltabiat ayollarga xos ekanini qo‘shib kuldirgani aks etgan videolavhalar tarqadi va keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ushbu haqorat yuzasidan munosabat bildirib, ushbu harakatga huquqiy baho berilishi haqida ma’lum qildi.
«U.O‘zden tomonidan bildirilgan salbiy fikrlar uning shaxsiy qarashlari bo‘lib, bu qardosh turk xalqining millatimizga nisbatan munosabatini anglatmaydi.
Shu sababdan ushbu holat ikki birodar xalqlar o‘rtasidagi oliy darajadagi do‘stlik hamda mustahkam hamkorlik aloqalariga ta’sir o‘tkazmasligiga ishonamiz.
Qolaversa, har bir davlat o‘z xalqining sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligidan foydalanib, Turkiya Respublikasi vakolatli idoralari bilan U.O‘zdenning ushbu xatti-harakatiga huquqiy baho berish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.