
O‘zbekiston fuqarosi Hojiakbar Akbarov Janubiy Koreya poytaxti Seulda bo‘lib o‘tgan 2025-yilgi EPS Conference in Seoul konkursida eng yaxshi xorijiy ishchi unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi xabar berdi.
Tadbir Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u EPS (Ishga ruxsat berish tizimi) mehnat migratsiyasi dasturida ishtirok etuvchi davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Anjumandan ko‘zlangan maqsad – o‘zaro tajriba almashish, barqaror mehnat munosabatlarini rivojlantirish va chet ellik ishchilarni himoya qilish darajasini oshirishdan iborat.
Faxriy mukofotni O‘zbekiston fuqarosiga shaxsan Koreya Respublikasi Mehnat vaziri Kim Yon Xun topshirdi.
Hojiakbar Akbarov 2023-yildan buyon Janubiy Koreyada ishlab kelmoqda.U mamlakatning yirik sanoat ob’yektlaridan biri bo‘lgan HD Hyundai Samho kompaniyasida payvandchi bo‘lib ishlaydi. Uning ishga joylashtirilishi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali chet ellik ishchilarni rasmiy va himoyalangan ro‘yxatga olishni nazarda tutuvchi EPS dasturi doirasida amalga oshirilgan.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil iyun oyi oxiri holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada 98,4 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qiladi. O‘zbek diasporasi mamlakatda yashovchi barcha xorijiy jamoalar orasida soni bo‘yicha beshinchi o‘rinda turadi.
Akbarovning mukofoti nafaqat shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbekistonliklarning Janubiy Koreya iqtisodiyoti va mehnat bozorini rivojlantirishga qo‘shgan hissasining tasdig‘i bo‘ldi.