
Rossiyaning eng g‘arbiy viloyati ma’muriy markazi Kaliningrad sudi 34 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Kallibek Yeseniyazovni yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi. U Ukraina tomonida jang qilayotgan rossiyaliklardan tashkil topgan “Свобода России” legioniga qo‘shilish uchun Kaliningrad viloyatidan Polshaga noqonuniy o‘tishga uringanlikda ayblangan.
Yeseniyozov jazo muddatining dastlabki uch yilini qamoqxonada, qolgan muddatini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tashi kerak bo‘ladi. U terroristik deb topilgan tashkilotda ishtirok etishga urinishda (Jinoyat kodeksi 30-moddasi 3-qismi, 205.5-moddasi 2-qismi) aybdor deb topilgan.
Yeseniyazovning advokati Yuliya Luchitskayaning Mediazona nashriga ma’lum qilishicha, muhojir “hammasini tan olgan va tavba qilgan”. U boshqa izoh berishdan bosh tortgan.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Yeseniyazov Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushiga qarshi bo‘lgan va go‘yoki bir necha bor Ukrainaga kirishga uringan. 2023-yil sentyabrida u Armanistondan Moldovaga uchib ketgan, biroq mahalliy chegarachilar uni orqaga qaytarishgan. Keyin, 2024-yil may oyi boshida u Ukrainaning Istanbuldagi elchixonasiga kirishga harakat qilgan, biroq qo‘riqchilar ham uni ichkariga kiritmagan. Keyinroq Yeseniyazov go‘yoki Toshkentdagi Ukraina elchixonasi bilan bog‘langan, biroq ular unga legionga qo‘shilishiga yordam berishmagan.
Keyinchalik, hujjatlarda ta’kidlanganishicha, o‘zbekistonlik yollovchilardan ko‘rsatmalar olgan va Kaliningradga uchib kelgan emish. U yerdan chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Ukraina bilan chegaradosh Polshaga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani iddao qilinmoqda. U «Свобода России» legionining haqiqiy yollovchilari yoki Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari bilan muloqot qilgani noma’lum.