O‘zbekiston MDH mamlakatlari bo‘ylab sayohatlar yo‘nalishida eng yaxshi turistik mamlakat deb topildi, deb xabar beradi Respublika Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Rossiyaning “Russian Traveler Awards 2024” turistik mukofotining nominantlaridan biri bo‘lgan. Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalomov boshchiligidagi delegatsiya taqdirlash marosimida ishtirok etgani aytilmoqda.
«Tanlov natijalariga ko‘ra, “Russian traveler” jurnali tomonidan tashkil etilgan “Russian Traveler Awards 2024” Milliy turistik mukofotining ekspertlar hay’ati O‘zbekiston Respublikasini «MDHda turizm» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb e’lon qildi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “Russian traveler” Rossiyaning mamlakat ichidagi va MDHdagi sayohatlarni ommalashtirish bilan shug‘ullanuvchi jurnali hisoblanadi.