
Oʻzbekiston va Belarus rasmiylari roʻyxatdan oʻtmasdan boʻlish muddatini 3 kundan 10 kungacha oshirishga kelishib oldi. Endi ikki davlat fuqarolari bir-birlarining hududida hujjatlarni majburiy rasmiylashtirmasdan 10 kungacha boʻlishlari muOʻzmkin, ilgari bu muddat bor-yoʻgʻi 3 kunni tashkil etar edi. Oʻzgarishlar Fuqarolarning oʻzaro safarlari toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi bayonnomada koʻzda tutilgan.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlarini sharhlagan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi Amir Sultanov ma’lum qildi. U hujjat ikki davlat prezidentlari ishtirokida imzolanganini aytdi. Yangi qoida qarindoshlar va doʻstlar oldiga safar qilishni yanada qulayroq qiladi, shuningdek, turistik va ishbilarmonlik tashriflarini soddalashtiradi.
Bundan avval, 9-iyul kuni muzokaralar yakunlari boʻyicha prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi Deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, tomonlar 2026–2030-yillarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasini tasdiqladi hamda qishloq xoʻjaligi, fan, madaniyat, turizm, ijtimoiy himoya, mehnat migratsiyasi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohalarida bir qator bitimlar imzoladi.
Ikki davlat hukumatlari oʻrtasidagi Fuqarolarning oʻzaro safarlari toʻgʻrisidagi bitimning oʻzi 2005-yil 19-yanvarda Toshkentda imzolangan edi. Hujjat 2006-yil 25-iyulda kuchga kirgan va muddatsiz amal qiladi.