
O‘zbekistonda boshqa davlatda qurolli harakatlarda qatnashgan migrantlar ustidan ikkita sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ikkala shaxs ham aybdor deb topilib, qamoq jazosiga hukm qilindi.
A.R. ismli 32 yoshli fuqaro Buxoro viloyati Romitan tuman sudida sudlangan. U 2018-yilda Rossiyaga pul ishlash uchun ketgan. Keyinchalik u Rossiya fuqaroligini olgan, biroq O‘zbekiston fuqaroligidan rasman voz kechmagan.
2024-yil may oyida A.R. jinoyat sodir etgani uchun Rossiyada qo‘lga olinib, tergov izolyatoriga jo‘natildi. Iyun oyida u Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzoladi. 2024-yilning iyulidan 2025-yilning iyunigacha Luganskdagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan.
2024-yil 27-iyulda harbiy bazaga raketa zarbasi paytida u yaralanib, kasalxonaga yotqizilgan. Sentyabr oyida u xizmatga yaroqsiz deb topilib, 3 million rubl olib, O‘zbekistonga qaytgan.
Qaytib kelgach, huquq-tartibot idoralari xodimlari uning telefonida jangovar harakatlarda ishtirok etganligini tasdiqlovchi fotosuratlar, videolar va hujjatlarni topgan.
Sud uni yollanma askarlik moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, 5 yil muddatga umumiy rejimli koloniyada o‘tashga hukm qildi.
Andijon viloyatida
yashovchi 41 yoshli Sh.K. ham shu modda bo‘yicha Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida sudlangan. U 2023-yilda Ingushetiyaning Nazran shahriga pul ishlash uchun jo‘nab ketgan. U yerda u O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa-da, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan.
2024-yilning aprelidan dekabrigacha u Rossiya tomonida jang qilgan. Harbiy harakatlar paytida u snaryad parchalari bilan yaralangan va davolanish uchun ruxsat olgan. Ta’tilda bo‘lganida hujjatlari yo‘qligi sababli hibsga olingan. Shundan so‘ng Sh.K. O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan.
Uyga kelgach, u huquq-tartibot idoralari xodimlariga harbiy amaliyotlarda qatnashganini aytib, yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.
Sud uni yollanma askarlikda aybdor deb topib, 3 yil-u 1 oy muddatga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi.
O‘zbekistonda mamlakat fuqarolarining boshqa davlat armiyasida xizmat qilishi, ayniqsa, harbiy amaliyotlarda qatnashishi jinoyat hisoblanadi. Bu shaxs boshqa davlat fuqaroligini olgan bo‘lsa ham, qamoq bilan jazolanadi.