Prezident qaroriga ko‘ra, “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.
Unga ko ‘ra, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasidan yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan; mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan; respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotganlarga “Vatandosh” kartasi beriladi.
“Vatandosh” kartasi 5 yil muddatga beriladi hamda karta egalari quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
Oʻzbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
mamlakat hududida koʻchmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan koʻchmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shugʻullanish;
Oʻzbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.
Karta egalarining oila aʼzolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:
amaldagi viza muddatini uzaytirishda Oʻzbekiston hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan koʻp martalik viza olish;
Oʻzbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.