
2024-yil avgust oyida Xorazm viloyati Xazarasp tumanida birinchi xususiy nemis maktabi — «Renessans» maktabi o‘z eshiklarini ochdi. Bu voqea O‘zbekistonda xalqaro ta’lim sohasida muhim qadam sifatida baholandi. Maktab to‘liq o‘zbekistonlik xususiy investorlar mablag‘i hisobidan tashkil etildi va Germaniyaning Sharqiy Tyuringiya Savdo-sanoat palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Loyiha muallifi — Germaniya Savdo-sanoat palatasi qoshidagi “O‘zbekiston” migratsiya va ta’lim dasturi rahbari Alisher Sodiqov hisoblanadi. Ushbu tashabbus orqali O‘zbekistonning olis hududlaridagi bolalarga nemis tili, madaniyati va jamiyatga moslashish imkoniyatlarini yaratish maqsad qilingan edi. Germaniya tomoni rejasiga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatimizda shunday kamida 12 ta maktab tashkil etilishi kerak edi.
Maktabni bitirgan o‘quvchilar Germaniyada turli kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha bepul o‘qish imkoniga ega bo‘lishlari kerak edi. Biroq, ma’lumotlarga ko‘ra, bu loyiha hozirda to‘xtatilish yoki butunlay yopilish xavfi ostida turibdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilda Xazaraspda ikkinchi «Renessans» maktabini ochish rejalashtirilgan edi. Mahalliy hokimiyat vakillari maktab uchun Xazorasp markazida joylashgan sobiq pedagogika kollejining binosini ajratishga va’da bergan. Viloyat rahbariyati va Germaniya tomoni o‘rtasida bir necha uchrashuvlar o‘tkazilgan, va investorlarga binoga egalik huquqini yaqin vaqt ichida rasmiylashtirib berishga va’da qilingan.
«Binoning holati juda yomon — taxminan 80 foizi qismga to‘liq rekonstruksiya va ta’mir kerak. Eng kam hisob-kitoblarga ko‘ra, ta’mirlash uchun 300–400 ming dollar sarflanishi lozim. Lekin va’da berilishi bilanoq turli to‘siqlar boshlandi. Avvalo, tuman hokimi vaqtni cho‘zdi, keyin esa ta’lim bo‘limi va boshqa mas’ul idoralar turli bahonalarni keltirib, jarayonni kechiktirishni boshladi. Kutilmaganda, binoga boshqa “da’vogarlar” ham topildi va ular bu uchun barcha usullarni ishga solishga tayyor ekanliklari ma’lum bo‘ldi», deydi loyiha muallifi.
Shuningdek, faoliyat yuritayotgan “Renessans” maktabi ham turli bosimlarga duch kelyotgani aytilmoqda. «Maktabga doimiy ravishda mahalliy “talabgorlar” kelib, xususiy qo‘riqlash xizmatiga ulanish, noaniq to‘lovlarni amalga oshirish kabi talablar qo‘ymoqda. Qishda esa, maktabda 200 nafardan ziyod bola tahsil olayotganiga qaramasdan, u yerga hatto tijorat narxida ham ko‘mir yoki gaz yetkazib berilmagan«, deydi u.
Loyiha atrofidagi turli muammolar va tushunarsiz qarorlar sabab investorlar O‘zbekistondagi ushbu ta’lim loyihasini to‘xtatishni o‘ylayotganini ma’lum qildi.