Maqola

263 19/11/2025

18-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va uni xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.

So‘nggi yillarda fuqarolarni chet elga mehnat maqsadida tizimli ravishda yuborish yo‘lga qo‘yilgani natijasida mamlakatda mehnat bozori kengayib bormoqda. O‘zbekistonliklar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlariga ketmoqda. Shunga qaramay, 2016-yilga nisbatan xorijda ishlayotganlar soni kamaygan bo‘lsa, ular yuborgan pul mablag‘lari 3,8 milliard dollardan 2025-yilning o‘n oyida 15,8 milliard dollargacha oshdi.

Taqdimotda ayni paytda xorijiy bozorda malakali kadrlarga jiddiy talab borligi ta’kidlandi. Hozir 140 ming mutaxassis uchun buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talabga javob beruvchi mutaxassislarni tayyorlashda hali yetarlicha ish qilinmagani aytildi. Shuningdek, migratsiya xizmatlari turli joylarda tarqoq bo‘lgani uchun fuqarolar qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi.

Shu bois sohadagi barcha xizmatlarni tartibga solish va “yagona darcha” tartibida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Uchtepada “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termizda “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar hamkorligida nemis va yapon tillariga ixtisoslashgan o‘quv maktablari ochiladi.

So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobarga oshgani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi aytildi. Ayni vaqtda ayrim Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasiga oid kelishuvlar yo‘q. Prezident ushbu hujjatlarni imzolash jarayonini tezlashtirishni topshirdi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashelik lavozimlarini ko‘paytirish, Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini kengaytirish, mamlakat ichida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham muhokama qilindi.

“Xorijda ish” platformasida hozir 25 xil xizmat bor, joriy yil boshidan beri 524 ming fuqaro ulardan onlayn foydalangan. Ammo barcha xizmatlar ham raqamlashtirilmagani qayd etildi.

Prezident xizmatlarni yanada takomillashtirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqtda kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida axborot berildi. Shuningdek, agentlik qoshida 24 soat ishlaydigan situasion markaz tashkil etish taklif qilindi.

Taqdimotda ayrim firibgarlik holatlari — noqonuniy migratsiya va lisenziyasiz konsalting xizmatlari ko‘payib borayotgani haqida ham ma’lumot berildi. Shu munosabat bilan migrantlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklari o‘rnatish, lisenziyasiz tashkilotlarga jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Bundan tashqari, noqonuniy migratsiyani tashkil etish yoki unga ko‘maklashish uchun javobgarlikni Jinoyat kodeksiga kiritish masalasini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi bo‘yicha jarayonlarni yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya