Maqola

488 17/10/2025

Alisher (ismi o‘zgartirilgan) bir necha yil Rossiyada ishlab yurgan. U ish topish uchun ketgan edi, ammo urush maydoniga tushib qoldi. Uzdiplomat.uz portaliga murojaat qilgan o‘zbekistonlik fuqaro Donesk atrofidagi urushda ko‘plab Markaziy Osiyo respublikalaridan borgan migrantlar, jumladan, o‘zbekistonliklar qiyin ahvolda qolganini aytadi.

“Men hozir Doneskdaman. Menda hech qanday hujjat, hech qanday pasport yo‘q. O‘zbekistonga qaytishni xohlayapman. Faqat eson-omon uyimga yetib olsam, menga hech nima kerak emas”, — dedi u suhbat boshida.

O‘zini oshkor qilgisi kelmagan yurtdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, u avval Rossiyada qamoqda bo‘lgan. U va yana 150 ga yaqin o‘zbek mahbus O‘zbekiston prokuraturasiga xat yozib, vatanga qaytarishni so‘ragan. Ammo javob kutilganidek bo‘lmadi: “Bizga sizni olib ketolmaymiz, deyishdi. Keyin ko‘plar frontga borishni qabul qildi. Bu — qamoqdan chiqishning yagona yo‘li edi”, — deydi u.

Alisherning aytishicha, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lmagan jinoyatlar uchun uzoq muddatli — 12–15 yilgacha — qamoq jazosi berilib, mahbuslar urushga majburlanmoqda. U yashagan lagerdan bir yilda 500 nafar odam frontga jo‘natilgan, ulardan 350 tasi halok bo‘lgan.

“Bu yoshlar pul uchun ketmagan. Ular oilasi uchun, farzandlari uchun ketishgan. Ko‘pchiligi 18–30 yosh orasida edi”, — dedi u.

Alisherning so‘zlariga ko‘ra, jangga birinchi marta borgan yoshlar ko‘pincha qo‘rquv va dahshatdan o‘zini boshqara olmay, halok bo‘lgan. “Pul uchun urushga ketgan deyishadi. Lekin men bilganlarning ko‘plari pul ham olmagan, fuqarolik ham, hatto harbiy bilet ham berilmagan holda o‘lib ketdi”, — deydi u.

Alisher hozir hujjatsiz Doneskda qolgan. Uning pasporti olib qo‘yilgan. U bilan birga boshqa o‘zbek yoshlari ham bor, ular yerto‘lalarda yashirinib yashamoqda.

“Rossiyaga qora yo‘l bilan o‘tish mumkin, lekin bu juda xavfli. Agar ketganimni bilsa, qidiruvga berishadi. Men faqat uyga qaytmoqchiman. Oilam bag‘riga qaytishni istayman”, — deydi u suhbatni yakunlar ekan.

Umid qilamizki, ushbu murojaatga javob berilib, o‘zbekistonliklarning uyga qaytishiga ko‘maklashiladi.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya