
5-avgust kuni O‘zbekistonning Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi AQShning inson kapitali va kadrlar ta’minoti sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri “Korn Ferry” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda kompaniyaning Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari yo‘nalishi katta hamkori Suellen Tomlinson, Global sog‘liqni saqlash xizmatlari yo‘nalishi katta hamkori Mitul Modi hamda “Korn Ferry Health” katta hamkori va operatsion direktori Liz Bickley ishtirok etdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi O‘zbekistonda tayyorlanayotgan hamshiralarni AQSh tibbiyot tizimi talablariga muvofiq qo‘shimcha tayyorlash, sertifikatlash va litsenziyalash, shuningdek, ularni Amerika sog‘liqni saqlash muassasalariga tartibli, xavfsiz va o‘zaro manfaatli asosda jalb etish imkoniyatlari bo‘ldi.
“Korn Ferry” vakillariga O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tizimli tashkil etish, xorijiy ish beruvchilar bilan markazlashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislarni maqsadli tayyorlash hamda ularning xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Amerika kompaniyasi vakillari AQSh sog‘liqni saqlash tizimida hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga sezilarli ehtiyoj mavjudligini ta’kidladi. Qator tibbiyot tizimlari xalqaro yollashga ochiqligi, ayniqsa klinik tayyorgarligi va ingliz tili darajasi yuqori bo‘lgan, litsenziyalash talablariga javob beruvchi xorijiy mutaxassislarga talab katta ekani qayd etildi.
“Korn Ferry” rahbariyati O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusga katta amaliy qiziqish bildirdi hamda uni AQShdagi manfaatdor tibbiyot tizimlari, ish beruvchilar va hamshiralik ta’limi muassasalari bilan muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralar yakunida “Korn Ferry” tomonidan salohiyatli ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji, talab qilinadigan mutaxassisliklar, nomzodlarning malaka darajasi va tayyorgarlik mezonlarini o‘rganishga kelishildi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQShdagi hamshiralarni tayyorlash tizimlari o‘rtasidagi tafovutlarni, jumladan, til, klinik tayyorgarlik, malakani tan olish, litsenziyalash va immigratsiya talablarini qiyosiy tahlil qilish rejalashtirildi.
Tomonlar loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlash, uning natijalari va AQSh ish beruvchilarining talabidan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni jalb etish ko‘lamini bosqichma-bosqich kengaytirish istiqbolli ekanini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, 1969-yilda Los-Anjelesda tashkil etilgan “Korn Ferry” bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Kompaniya tashkilotlarni rivojlantirish, rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro va ommaviy kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarishga ixtisoslashgan.