308 11/10/2025

Kecha Milan xalqaro aeroportida Italiyaning Lombardiya viloyatida faoliyatini boshlaydigan 10 nafar o‘zbekistonlik hamshira kutib olindi. Bu haqda mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi xabar berdi.

Uch oylik amaliy dastur doirasida hamshiralar “Fatebenefratelli”, “Sacco” va “Buzzi” shifoxonalarida reanimatsiya, kardiologiya, nefrologiya, onkologiya va pediatriya bo‘limlarida ish tajribasini oshiradilar. Ularga mahalliy mutaxassislar va tarjimonlar hamrohlik qiladi.

Bu hamkorlik loyihasi joriy yil 28–29 may kunlari Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandga rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Italiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan ikki mamlakat Hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha yo‘nalishlarini belgilash maqsadida bu yil iyun oyida Lombardiya gubernatori Attilio Fontananing O‘zbekistonga tashrifi, shuningdek, iyul oyida O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Samarqand viloyati delegatsiyasining Italiyaga safarlari uyushtirildi.
Rejaga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Lombardiyaga yana 210 nafar tibbiyot mutaxassisi jo‘natilishi kutilmoqda. 2027-yil oxirigacha shifokorlar va hamshiralar almashinuvi soni 3700 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, kelishuvga muvofiq, 2025-yil oxirigacha Toshkent shahrida Lombardiya koordinatsiya va hamkorlik bo‘limi ochiladi. Ushbu markaz ikki davlat tibbiyot universitetlari o‘rtasidagi qo‘shma dasturlarni muvofiqlashtiradi.

Bundan tashqari, joriy yil noyabridan Toshkentda 150 nafar va Samarqandda 60 nafar hamshira uchun italyan tili kurslari tashkil etiladi. Bu 2026-yildagi keyingi kadrlar tayyorgarligining dastlabki bosqichi hisoblanadi.

Lombardiya mintaqaviy sog‘liqni saqlash vaziri Guido Bertolazo ta’kidlashicha, mazkur tashabbus xalqaro hamkorlikning samarali namunasi bo‘lib, u ta’lim, malaka va kasbiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya