4-dekabr kuni Andijon shahar sudi 2023-yil aprel oyida mavsumiy ish izlab Moskvaga ketgan, biroq keyinchalik Ukrainadagi janglarda qatnashish uchun Rossiya qurolli kuchlari safiga qo‘shilgan Marhamat tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaroning ishini ko‘rib chiqdi.
2023-yil iyul oyida T.A. ismli fuqaro Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, unga oyiga 450 ming rubl maosh va’da qilingan. U ikki oylik mashg‘ulotlardan so‘ng Ukrainaga jo‘natilgan. 2023-yilning iyulidan noyabrigacha Shaxtyorsk va Baxmutda jang qilgan, keyin Luganskdagi janglarda qatnashgan. Sudda u 10 dan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirganini tan oldi.
2023-yil dekabr oyida u O‘zbekistonga qaytib, o‘z ixtiyori bilan huquq-tartibot organlariga taslim bo‘lgan va xizmatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan. Sud jarayonida erkak tavba qilganini aytib, qilmishini moddiy ahvoli og‘irligi va oilasini boqish zarurligi bilan izohlagan.
Sud uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, uch nafar farzandi borligi kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga oldi.
Sudlanuvchi yollanma va xorijiy qurolli kuchlarda xizmat qilganlikda aybdor deb topilib, 4 yilu 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Unga Andijon viloyatidan ruxsatsiz chiqib ketishi va yashash joyini o‘zgartirishi taqiqlangan.