
O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi vakillari Birlashgan Arab Amirliklaridagi “Dubai Taxi Company PJSC” kompaniyasi rahbari Sayid Amin Abdurahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekistondan malakali haydovchilarni BAAda qonuniy ravishda ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda BAA tomoni O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda Prezidentning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tanishtirildi.
Shuningdek, dunyo mehnat bozori talablariga javob beradigan ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Sayid Amin Abdurahmon O‘zbekistondan tajribali haydovchilarni ishga jalb qilishga qiziqish bildirdi va bu jarayonni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.
«Dastlabki bosqichda biz 200 nafar O‘zbekiston fuqarosini taksi haydovchisi sifatida ishga qabul qilishni rejalashtiryapmiz. Agar ular o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatsa, yana 500 nafar haydovchini ham jalb etish imkoni bo‘ladi», — dedi u.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Mehnat agentligi va “Dubai Taxi Company PJSC” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.