207 03/06/2024

O‘zbekiston – Qatar munosabatlari oxirgi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning mamlakatimizga ikki marotaba tashrifi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lgani bunga misoldir.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalariga e’tibor qaratildi.

2023-yilning 6-iyun kuni Samarqand shahrida ikki davlat Hukumatlari o‘rtasida “Qatar Davlati hududida ishchi kuchi bandligini tartibga solish to‘g‘risida”gi bitim imzolangan. Uchrashuvda ushbu bitimni hayotga tatbiq etish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi.

Qatar davlat Mehnat vazirining ta’kidlashicha, ushbu mamlakatda ayni vaqtda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori.

Ushbu davlatda ishlash istagida bo‘lganlarni qiynayotgan eng katta masala bu til to‘sig‘i ekanligi aytib o‘tildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev ushbu muammoni yechish bo‘yicha shu yerdagi mavjud tajribadan kelib chiqib ishchi kuchini maqsadli tayyorlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, ayni maqsad va ko‘rsatkichlar 2008-yilda tasdiqlangan “Qatar Vision – 2030” dasturida ham o‘z aksini topganligini ma’lum qildi. Shuningdek, xorijlik ishchilarning ijtimoiy himoyasi, tibbiy sug‘urtasi, oylik, transport va yashash joylari xarajatlarini ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilganligini, hamda chetdan borib ishlovchi ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘mita tashkil etilganligini aytib o‘tgan.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ikki davlat vazirliklari o‘rtasida qo‘shma komissiya tuzilib, uning navbatdagi yig‘ilishi Qatarda o‘tkaziladi va unda hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid bitim imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya