
Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Xalqaro migratsiya sharhi forumi davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shma Shtatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda mehnat migratsiyasi, o‘zbekistonliklarni chet elda ishlashga tayyorlash va ularning huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Forumda O‘zbekistondan Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatning AQSHdagi elchixonasi mas’ullari ishtirok etdi. Tadbir ochilishida BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish va Xalqaro migratsiya tashkiloti rahbari Emi Poup global migratsiya siyosati bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni ma’lum qildi.
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev O‘zbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijga ketuvchilar uchun kasbiy va til tayyorgarligi tizimi hamda xalqaro hamkorlik natijalari haqida axborot berdi.
U o‘z chiqishida mehnat migratsiyasini faqat iqtisodiy ehtiyoj emas, balki inson kapitaliga investisiya sifatida baholash kerakligini ta’kidladi.
Forum doirasida AQSHning bir qator tashkilot va kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Jumladan, Logan University bilan AQSH mehnat bozori uchun tibbiyot xodimlarini maqsadli tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shuningdek, Missouri Trucking School vakillari bilan o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchilarini Amerika standartlari asosida tayyorlash va keyinchalik ishga joylashtirish masalasi muhokama qilindi. Ma’lum qilinishicha, buning uchun 160 soatlik maxsus o‘quv dasturi taklif qilingan.
Qishloq xo‘jaligi sohasida ham yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqilmoqda. National Council of Agricultural Employers (NCAE) bilan mavsumiy ish dasturlarini kengaytirish va ish beruvchilar ishtirokida mehnat forumlari tashkil etish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, Head Honchos tashkiloti bilan H-2A vizalarini rasmiylashtirish, AQSHda o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi xodimlari salohiyatini targ‘ib qilish va 8–10 haftalik tayyorlov kurslarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Yuridik masalalar ham muhokama qilindi. Ballon Stoll PC yuridik firmasi bilan O, H-2A, H-2B, H-1B va E turidagi vizalar orqali ishlash imkoniyatlari hamda AQSHda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning huquqiy himoyasini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi hamkorliklar kelajakda o‘zbekistonliklar uchun AQSHda qonuniy va xavfsiz ishlash imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.