
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun yangi yo‘nalish ochilishi kutilmoqda. Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev AQSHning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fick bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi.
Ma’lum qilinishicha, USA Farm Labor tashkiloti 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida AQSH qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanib keladi. Hozirda tashkilot Shimoliy Amerikadagi 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik qiladi.
Onlayn uchrashuv davomida o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQSHdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilindi. Dasturga ko‘ra, ish muddati 9–10 oyni tashkil etadi. O‘rtacha oylik maosh 3 500 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, ish beruvchi tomonidan turar joy bilan ta’minlash nazarda tutilgan. Malakali mutaxassislarga ustuvorlik berilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuv imzolandi. Shu bilan birga, hamkorlikni keyingi bosqichlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur dastur amalga oshirilsa, o‘zbekistonliklar uchun mehnat migratsiyasining yangi va rasmiy yo‘nalishi paydo bo‘ladi.