
2024-yilda AQSH O‘zbekiston fuqarolarining vaqtinchalik tashrif vizalari (B-1/B-2) uchun bergan arizalarining qariyb 65 foizini rad etdi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, rad etilgan arizalar ulushi 64,41 foizni tashkil etgan. Solishtirish uchun:
2023 yilda — 59,56%,
2022 yilda — 47,04%,
2020 yilda (pandemiya vaqtida) — 74,14%,
2019 yilda — 68,06%.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan taqqoslaganda:
Turkmaniston — 58,8%,
Qozog‘iston — 46,29%,
Tojikiston — 45,24%,
Qirg‘iziston — 39,14%.
MDH mamlakatlari ichida esa vaziyat turlicha:
Armaniston — 59,46%,
Rossiya — 38,56%,
Belarus — 28,79%,
Ozarbayjon — 21,46%.
Dunyo bo‘yicha eng yuqori rad etish darajasi Laosda kuzatilgan — 82,84%. Shuningdek, Gvineya-Bisau (76,59%), Somali (77,02%), Senegal (74,65%) va Gvineya (70,25%) kabi mamlakatlar ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega.
Eng kam rad etilgan davlatlar esa quyidagilar:
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) — 1,46%,
Kipr — 2,16%,
Ruminiya — 2,61%.
Eslatib o‘tamiz, B-1/B-2 vizalari AQSHga vaqtinchalik kirishni istagan fuqarolar uchun beriladi. Ular biznes safarlari (B-1), turizm, dam olish yoki qarindoshlarni ziyorat qilish (B-2), yoki shu maqsadlarning kombinatsiyasi uchun mo‘ljallangan (B-1/B-2) vizalardir.
Rad javoblari ko‘payishi nimalarga bog‘liq?
1. Vatan bilan aloqadorlikning kamligi
Konsul uyga qaytish uchun yetarli motivatsiya – sizning ishingiz, oilangiz, ko‘chmas mulkingiz bor-yo‘qligiga qaraydi. Agar siz ishontira olmasangiz – rad etish xavfi yuqori.
2. Noqonuniy qolish xavfi
Sayyohlik yoki ishbilarmonlik vizasiga ega bo‘lganlarning ko‘pchiligi AQSHda muddatidan ko‘proq vaqt qolib ketadi. Konsullar shu tufayli ham arizalarni rad javobi berishadi.
3. Iqtisodiy omillar
Agar mamlakat qashshoq va odamlarning moliyaviy ahvoli yomonroq bo‘lsa, ish yoki yaxshi hayot uchun AQSHda qolish xavfi tufayli rad qilish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
4. Oldin ham viza qoidalarining buzilishi
Agar biror shaxs yoki uning yaqinlaridan kimdir ilgari viza shartlarini buzgan bo‘lsa, bu yangi viza olish imkoniyatini kamaytiradi.
5. Konsulning “diskret” qarori
Konsul, hatto barcha hujjatlar to‘g‘ri bo‘lsa ham, rad qilishi mumkin – u sizning qaytib kelmasligingizga ishonsa, intuitiv ravishda qaror qiladi.