
Kattaqo‘rg‘on tuman sudi 2025-yil 5-noyabr kuni fuqaro Y.K.ning jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qarorni e’lon qildi. Sud uni chet el hududida moddiy manfaat evaziga qurolli to‘qnashuvda ishtirok etgani uchun jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi va ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Ish materiallariga ko‘ra, 2021-yilda ish izlash maqsadida avval Turkiyaga, keyin Moskvaga borgan. U Moskvada ishlab yurgan vaqtida “Telegram kanallaridan birida kuryerlikka doir e’longa duch kelgan.
Ko‘rsatilgan kunlik ish haqi uni jalb qilgani uchun bu ishga kirishga rozi bo‘lgan. Ammo ish beruvchi ko‘rsatgan manzilga borib, Kurgan shahrida jo‘natma qabul qilgan paytida Rossiya huquq-tartibot organlari uni to‘xtatib, paket ichida 7 gramm geroin borligini aniqlagan. Ayblanuvchi bu moddadan xabari yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2022-yil oktyabr oyida 9 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Ushbu jazo Sverdlovsk viloyatidagi koloniyada ijro etilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Y.K. jazoni o‘tab turgan muassasada Rossiya harbiylari tomonidan muntazam tarzda urushga borishga targ‘ib qilingan. Urushda qainashgan mahkumlarga katta mablag‘ to‘lanishi, Rossiya fuqaroligi berilishi, xizmat tugagach sudlanganlikdan ozod qilinishi, hatto uy-joy yoki yer uchastkalari ajratilishi kabi va’dalar berilgan. Sudda ayblanuvchi bu chaqiriqlar 2024-yilning bahoridan boshlab to‘xtovsiz davom etganini va mahkumlar hatto ro‘yxat bo‘yicha tanlanib, majburiy ravishda shartnoma imzolatilib urushga yuborilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini himoya qilish imkoni bo‘lmagan sharoitda Rossiya Qurolli Kuchlari tomonidan 2025-yil yanvarda frontga olib ketilgan.
Ayblanuvchi dastlab Ryazan viloyatida joylashgan harbiy qismda o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tgan, keyin Lugansk va Donesk atrofidagi tayyorgarliklarda ishtirok etgan va shundan so‘ng Kursk viloyatiga yuborilgan. U yerda u Ukraina qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan. Tergov materiallarida qayd etilishicha, 2025-yil 22–23-fevral kunlari Lebedyovka atrofida harakatlanayotgan kvadrasiklga Ukraina tomonidan uchirilgan dron hujum qilishi natijasida undagi sakkiz nafardan ikki kishi halok bo‘lgan, qolganlari turli darajada jarohatlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Y.K. ham oyoq va qo‘liga snaryad parchalari kirib jarohat olgan va keyin Vladivostokdagi harbiy gospitalda 2025-yil iyulgacha davolangan.
Gospitaldan chiqqach, u Ryazan viloyatidagi harbiy qismga qaytishi kerak bo‘lsada, u O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga borib, urushga bosim ostida yollanganini aytib, vatanga qaytish uchun yordam so‘ragan. Elchixona zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, 2025-yil 27-iyul kuni uni “Moskva–Toshkent” reysi orqali O‘zbekistonga qaytargan.
Sud ayblanuvchining aybini to‘liq tan olganini, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoitini, mahalla fuqarolarining ijobiy tavsifnomasini va jinoyatdan keyingi xulqini inobatga oldi. Sud uni jamiyatdan ajratmasdan, probatsiya nazorati ostida qayta tarbiyalash mumkinligini ta’kidladi. Yakunda ayblanuvchiga 4 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Unga ishga borib kelishdan tashqari vaqtlarda uyidan chiqmaslik, yashash joyini o‘zgartirmaslik va Samarqand viloyatidan tashqariga chiqmaslik shartlari qo‘yildi. Shu bilan birga, unga nisbatan probatsiya nazorati o‘rnatildi.