
Krasnodar o‘lkasining Belorechenskiy tumanida uchta oila olgan uy-joy sertifikatlari mahalliy aholining noroziligini keltirib chiqardi. Bu oilalar asli O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjondan bo‘lsa-da, barchasi Rossiya fuqaroligini olgan.
2026-yil 12-fevralda tuman hokimi Sergey Sidorenko sertifikatlarni Kabilov, Bektashev va Mustafo Ogli oilalariga topshirdi. Mablag‘lar «Qishloq aholi punktlarida yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash» dasturi doirasida ajratilgan. Har bir oilaga taxminan 2,5 million rubl berildi. Bu jami taxminan 7,5 million rublni tashkil etadi – dasturning butun yillik byudjeti (7 342 800 rubl).
Yordam oluvchilar ko‘p bolali yosh oilalardir. Dastur shartlariga ko‘ra, bu yordam puli rasman uy-joyga muhtojligi bor 35 yoshgacha bo‘lgan Rossiya fuqarolariga berilishi kerak. Oilalar ushbu talablarning barchasiga javob beradi.
Dastur millatidan qat’i nazar, barcha Rossiya fuqarolariga tegishli.
2026-yil 20-fevral holatiga ko‘ra, sertifikatlarning bekor qilinishi yoki biron bir tekshiruv o‘tkazilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Biroq «Spravedlivaya Rossiya» partiyasidan Denis Xmelevskiyga o‘xshagan ayrim siyosatchilar, mahalliy aholidan millatchilar guruhi adolatsiz ekanligini iddao qigan. Ularning fikricha, mahalliy oilalar bu kabi yordamni yillar davomida kutayotgani holda, «yangi kelganlar» uy-joy bilan tezroq ta’minlanayotgan emish. Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘pol izohlar va tekshiruvlarga chaqiriqlar paydo bo‘ldi.
Bu kabi holatlar ilgari boshqa joylarda ham bo‘lgan. Rossiya fuqaroligini olgan bo‘lsa-da sobiq migrantga uy-joy olishiga yordam berilishi albatta mahalliy aholining g‘azabini keltiradi.
Masalan, 2026-yil fevral oyi boshida Penza viloyatining Serdobsk shahrida shunga o‘xshash voqea sodir bo‘ldi. Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin buyrug‘idan so‘ng jinoiy ish qo‘zg‘atildi, sertifikatlar bekor qilindi va shahar hokimi javobgarlikka tortildi.
2025-yil yanvar oyida Moskva viloyatining Mitishi shahrida Tojikistondan kelgan katta oila yetti yoki undan ortiq farzandni tarbiyalayotgan oilalarni mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida uy-joy sertifikatini olgan edi. Oila ona va yetti farzanddan iborat edi: uchta qiz va to‘rtta o‘g‘il. Dastur qoidalariga ko‘ra, ular mintaqada kamida besh yil yashagan va katta oila maqomiga ega bo‘lishlari kerak edi. Ular esa shu mintaqada 14 yil istiqomat qilgan.
Rasmiylar oila ushbu talablarga javob berishini ta’kidlagan. Shuningdek, onaning akalari Ukraina urushida jang qilayotgani ham qo‘shimcha omil hisoblangan.
Biroq, sertifikat berilgandan so‘ng, mahalliy aholi orasida kuchli norozilik paydo bo‘ldi. Bu voqea tezda katta muammoga aylanib Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning nazariga tushdi. U esa tergov o‘tkazishni buyurdi.
Oxir-oqibat, ayol firibgarlikda ayblandi, sertifikat esa bekor qilindi. Deportatsiya va jinoiy javobgarlikka tortish tahdidlari paydo bo‘ldi. Natijada, oila va’da qilingan uyni ololmadi.
Bu voqealar sobiq migrantlar hatto Rossiya fuqaroligini olsa ham, “SVO”da jang qilib qon to‘ksa ham, uy-joy ololmasligi yoki muammolar girdobiga tushishi mumkinligini ko‘rsatadi.