
Samarqand viloyati Urgut tumanida istiqomat qiluvchi 23 yoshli fuqaro Rossiyaga ishlash uchun borganida, u Rossiya-Ukraina urushi girdobiga tushib qolishini o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
Biroq o‘ylanmay berilgan qaror tufayli u yurtga qaytganidan keyin ham jazolandi.
Urgut tuman sudining ma’lumotlariga ko‘ra, Sh.Q. 2021-yil oxirida Moskvaga jo‘nab ketgan. Uning ketishiga oilasining og‘ir moliyaviy ahvoli sabab bo‘lgan. U oilasiga yordam berish va o‘ziga uy qurish uchun pul topishni niyat qilgan edi.
Rossiya poytaxtida u avval “dvornik”, keyin «Yandeks Yeda» yetkazib berish xizmatida kuryer bo‘lib ishlagan. Shuningdek, u Moskvadagi universitetlardan birining sirtqi bo‘limida o‘qiy boshlagan.
Biroq, deyarli ikki yildan so‘ng uning hayoti keskin o‘zgardi. 2023-yil sentyabr oyida yana bir buyurtmani bajarayotganda polisiya xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Tintuv paytida u yetkazib berayotgan paketdan giyohvand moddalar topilgan. Sudda u paket ichidagi narsalardan bexabar ekanligini va aybini tan olmasligini da’vo qilgan. Shunga qaramay, Rossiya sudi uni aybdor deb topdi va ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi.
U jazoni o‘tash uchun Irkutsk viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasiga jo‘natildi. U yerda unga harbiy xizmat shartnomasi taklif qilingan.
Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari va axloq tuzatish muassasasi xodimlari mahbuslarni urush zonasiga borishga ko‘ndirishgan. Ularga muddatidan oldin ozod qilish, Rossiya fuqaroligi va katta miqdordagi naqd pul to‘lovi – taxminan 400 000 rubl va’da qilingan.
Sud majlisida Sh.K. dastlab shartnomani imzolashdan bosh tortganini aytgan. Biroq, keyinchalik u ruhiy va jismoniy bosimga uchraganini iddao qiladi. Bundan tashqari, yigit rus tilini yaxshi bilmasdi va imzolash so‘ralgan hujjatlarni to‘liq tushunmagan.
Shartnoma imzolangandan so‘ng, u va boshqa mahbuslar harbiy tayyorgarlikka, keyin esa Lugansk viloyatida joylashgan harbiy qismga yuborildi. Jangda qatnashishni istamagan yigit qanday bo‘lmasin urushdan qochishga qaror qildi va qasddan o‘z oyog‘iga o‘q uzdi. Yarador bo‘lganidan so‘ng, u harbiy gospitalga yotqizildi.
Keyinchalik u Doneskdagi kasalxonadan qochib chiqib, onasi yashayotgan Moskva shahriga yetib borishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbekiston elchixonasi yordamida unga qaytish guvohnomasi berilganidan so‘ng u 2026-yil fevral oyida O‘zbekistonga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
Sud jarayonida sudlanuvchining onasi, mahalla raisi va profilaktika inspektori yigitning faqat pul topish uchun Rossiyaga ketganini va og‘ir hayot sharoitlari tufayli urushga tushib qolganini tasdiqlashgan. Ularning ta’kidlashicha, u ketishidan oldin ijobiy xarakterga ega bo‘lgan va qonunga zid ishlar qilmagan.
Sud Sh.Q. haqiqatan ham qurolli mojaroda yollanma askar sifatida ishtirok etgan degan xulosaga keldi va uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Biroq, taqdim etilgan materiallar ushbu jinoyatning barcha belgilari mavjudligini tasdiqlamagani uchun xorijiy davlat harbiy xizmatiga yozilish ayblovi asossiz deb topildi. Sudlanuvchi ushbu modda bo‘yicha oqlandi.
Jazo tayinlashda sud uning yoshligi, O‘zbekistonda sudlanganlik tarixi yo‘qligi, oilasining og‘ir moliyaviy ahvoli va qurolli mojaroda ishtirok etishi uning qamoq jazosi va keyinchalik harbiy shartnomada bo‘lishi oqibati ekanligini hisobga oldi.
Ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, sud Sh.Q.ga uch yilu olti oylik ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.