Maqola

474 26/10/2024

Migrant.uz tahririyatiga va mutaxassislariga «muhabbatdan kuygan» muhojirlar tez-tez murojaat qilib turadi. Deyarli barcha jabrlanuvchilarni bir narsa birlashtiradi — ularning bari o‘z “muhabbat”larini internetda topgan. Ammo bunday «qidiruvlar» ko‘pincha firibgarlarga aldanish, bosim va po‘pisa qurboniga aylanish yoki kaltaklanish bilan yakunlanadi.

Masalan, Kalugadagi voqeada bir qiz muhojirlar bilan internet orqali bilan tanishib, uni uchrashuvga taklif qiladi. Biroq yigitni “Natasha”ning o‘rniga noma’lum kimsalar kutib oladi, pulini olib, kaltaklab jo‘natib yuboradi. Bu holat jabrlanuvchilardan biri politsiyaga murojaat qilguncha davom etgan.

Yoki boshqa holat, muhojirlar internetda qizlar bilan tanishgach, restoranda uchrashuvga borishadi. Restoranni qiz tanlaydi. Uchrashuv vaqtida atigi bir piyola choy yoki sharbat ichilsa-da, muhojir yigit sharbat uchun kamida 30 ming rubl yoki undan ham ko‘proq to‘lashga majburlanadi. Qiz pulning yarmini keyin o‘tkazib beraman, deydi. Lekin qiz restorandan keyin g‘oyib bo‘ladi. Bu sxema juda keng tarqalgan, firibgar qizlar kafe egalari bilan hamkorlikda shu tariqa yigitlarni aldab, pulini olishadi.

Yana bir qaltisligi bilan ajralib turadigan firibgarlik sxemasida muhojirlar turli telegram-kanallarda qizlarning kontaktlarini ko‘rib, ularga tanishish maqsadida yozadi. Ammo birgina «privet» so‘zidan so‘ng, muhojirga go‘yoki politsiya yoki tergov qo‘mitasidan qo‘ng‘iroq keladi. Telefon vaqtida muhojirga balog‘atga yetmagan qiz bilan «muloqot» uchun jinoiy javobgarlikka tortilish bilan tahdid qilinadi va «ishni yopish» uchun pul so‘raladi. Muhojirlarni shu tariqa shantaj qiluvchilar aslo politsiya yoki boshqa davlat idoralari xodimi emas, haqiqiy firibgarlardir. Ularga ishonish, qo‘rqish va katta miqdorda pul berish kerak emas. Lekin shunday bo‘lsa-da, “muhabbat izlagan” muhojirlar soni juda ko‘p.

Umuman olganda, internet orqali tanishuv kamdan kam hollarda yaxshilik bilan tugaydi.

Ko’ngilsiz voqealarga aralashib qolmaslik uchun eng muhim tavsiya – Rossiyaga nega kelganingizni yodda tutishdir. “Rus qizlar muhabbat izlaydi” degan stereoptiplarni unuting. Ishoning, Rossiyada muhojirlar bilan tanishishni istaydigan qizlar soni juda-juda kam.

Politsiya yoki boshqa organ xodimlari messenjerlar orqali telefon qilmaydi. Kimdir messenjer orqali telefon qilib, qo’rqitishga urinayotgan bo’lsa darhol bloklang.

Qolaversa, onlayn muloqotda xavfsizlik qoidalari bor. Onlayn tanishuv vaqtida firibgarlar va radikallarga duch kelmaslik uchun bir nechta qoidalarga rioya qiling:

1. Shaxsiy ma’lumotlarga ehtiyot bo’ling. Dastlabki bosqichlarda hech qachon manzilingiz, telefon raqamingiz yoki moliyaviy ma’lumotlaringizni aytmang. Adekvat odamlar sizning shaxsiy hayotingizga hurmat bilan qaraydi.

2. Shubhali profillardan uzoqroq bo’ling. Minimal ma’lumotli, fotosiz yoki juda ideal ko’rinadigan profillar soxta bo’lishi mumkin.

3. Rasmlarni tekshiring. Internetdagi o’g’irlangan fotosuratlarga duch kelmaslik uchun teskari rasm qidiruv vositalaridan foydalaning.

4. Darhol shaxsiyga yozmang va yozishishga birinchi bo’lib o’tmang. Firibgarlar ko’pincha bloklanishdan qochish uchun boshqa platformaga o’tishni so’rashadi. Suhbatni iloji boricha bir joyda davom ettirishga harakat qiling.

5. Moliyaviy so’rovlardan ehtiyot bo’ling. Har qanday sabab bilan pul so’ralayotgan bo’lsa, bu firibgarlikning ochiq belgisi.

6. Shaxsiy uchrashuvlarga shoshilmang. Firibgarlar uzoq suhbatdan qochish uchun tezda uchrashishni talab qilishi mumkin.

7. Agar nimadir noqulaylik yoki shubha uyg’otsa, suhbatni to’xtatishdan qo’rqmang.

8. Suhbatdoshingizning profilini o’rganing. Shaxs nima yozayotganini va qanday muloqot qilayotganini diqqat bilan o’qing. Keskin siyosiy yoki mafkuraviy bayonotlar radikal qarashlarga ishora qilishi mumkin. Agar shunday ishora bo’lsa darhol suhbatni to’xtating.

Ushbu oddiy qoidalar sizning onlayn muloqotingizni xavfsizroq qiladi. Lekin eng yaxshisi — tanishuvlardan uzoqroq turish ekanini also unutmang. Rossiyaga muhabbat izlashga kelmagan bo’lsangiz kerak.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya