
Rossiyaga ishlash maqsadida ketgan to‘rtko‘llik Olimboy (ismi o‘zgartirilgan) jinoiy ish va harbiy harakatlar girdobiga tushib qoldi.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2020-yil noyabr oyida Moskva shahriga ishlash uchun borgan va qurilish sohasida mehnat qilgan. Biroq 2022-yil may oyida u giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Voqealar zanjiri shu bilan tugamadi. 2024-yil dekabr oyida u jazo o‘tayotgan koloniyada Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan olib borilgan targ‘ibot ishlari ta’siriga tushib qolgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, u Rossiya fuqaroligini olish, yaxshi daromad topish, uy-joyga ega bo‘lish va jazodan ertaroq ozod bo‘lish kabi manfaatlar evaziga harbiy xizmatga rozilik bergan.
2024-yil 23-dekabr kuni u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 1 yillik shartnoma imzolab, rasmiy ravishda harbiy xizmatga kirgan. U Samara viloyatida harbiy guvohnoma olgan, maxsus o‘quv lagerida tayyorgarlikdan o‘tganidan so‘ng Ukraina hududiga yuborilgan.
2025-yil yanvar oyida Donesk viloyatida bo‘lgan janglarda u og‘ir yaralangan: snaryad parchalari uning qo‘li, yelkasi va tanasiga tekkan.
Keyinchalik u O‘zbekistonga qaytgan va 2025-yil avgust oyida uning telefonida harbiy kiyimdagi va jangda yaralangan holatdagi suratlari aniqlangan. Bu holat tezkor tadbirlar davomida rasmiylashtirilgan.
Sud uning harakatlarini O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154 va 154-1 moddalari bilan kvalifikatsiya qilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Keyingi sud instansiyalari ham bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Bu ish migratsiya, jinoyat va urush o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni yana bir bor ko‘rsatadi. Ishlash maqsadida xorijga chiqqan Olimboy oson pul topish ilinjida jinoiy jazo, so‘ngra esa harbiy harakatlar ishtirokchisiga aylandi.