
Ba’zan odamlar yaxshi ish, yuqori maosh ilinjida chet elga yo‘l oladi. Ammo har doim ham bu qaror kutilganidek tugamaydi.
2024-yil 22-iyun kuni ish topish maqsadida chet elga yo‘l olgan namanganlik U.J. ismli fuqaro ham minglab insonlar kabi begona yurtga rizq izlab ketgan edi. Ammo birgina xato uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Tergov materiallariga ko‘ra, u chet elda noqonuniy faoliyatga jalb etilgan. Unga harbiy harakatlarda ishtirok etish taklif qilingan. Evaziga oyiga 210 ming rubl maosh, hatto keyinchalik fuqarolik olish imkoniyati va’da qilingan.
Harbiy kontraktga qo‘l qo‘ygan U.J. bu ishidan hali ancha afsuschekishini o‘ylab ham ko‘rmagan edi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, qurol ishlatishni o‘rgangan va harbiy to‘qnashuvlarda qatnashgan. Janglardan birida u og‘ir yaralangan — o‘q tanasining bir qismiga tekkan, granata parchasi jarohat yetkazgan. U harbiy gospitalda davolangan va sog‘lig‘ini tiklashga harakat qilgan.
Shundan so‘ng, 2025-yil avgust oyida u “Vatanga qaytish” guruhi orqali 7-sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
2025-yil noyabr oyida unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U dastlab qamoqqa olindi, keyin esa unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.
2026-yil 6-fevral kuni birinchi instansiya sudi uni aybdor deb topib, uch yil qamoq jazosi tayinladi. Ammo himoya tomoni bu qarorga rozi bo‘lmadi. Advokat sudlanuvchining aybini yengillashtirishni so‘radi — u pushaymon bo‘lgani, oilaviy sharoiti og‘irligi va avval sudlanmaganini ta’kidladi.
Bir qarashda, u qilgan ishidan pushaymon bo‘lgandek. Ammo qonun nuqtayi nazaridan uning boshqa yurt hududida jangovar harakatlarda qatnashishi, o‘zga yurt bayrog‘i ostida jang qilishi jinoyat hisoblanadi.
Apellyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqdi. Bu jarayonda barcha dalillar — guvohlar ko‘rsatmalari, telefon yozishmalari, ekspertizalar, hatto internetdagi ma’lumotlar ham tekshirildi.
Sud xulosasi qat’iy bo‘ldi: ayb to‘liq isbotlangan.
Natijada, apellyatsiya instansiyasi birinchi sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Ya’ni, jazo yengillashtirilmadi, shikoyat qanoatlantirilmadi.
Bu ish oddiy bir sud qarori emas. Bu — katta saboq.
Chet elda “oson pul”, “katta maosh” degan takliflar ortida ba’zan juda xavfli va noqonuniy ishlar yashiringan bo‘ladi. Katta maosh va’da qilingan bo‘lishi mumkin, lekin uning evazida inson o‘z hayotini, erkinligini va kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.
Bu voqea yana bir haqiqatni ko‘rsatadi: qonun oldida har bir qaror uchun javob berishga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun chet elga ishlashga ketishdan oldin taklifni yaxshilab tekshirish, faqat qonuniy yo‘llardan borish — eng to‘g‘ri qaror bo‘ladi.