
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonliklar haqidagi xabarlar ko‘paymoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan navbatdagi videolavhada Ukrainada asirlikka tushgan, 1994-yilda tug‘ilgan buxorolik Zuhriddin Yo‘ldoshevning intervyusi aks etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u «maxsus harbiy operatsiya»da qatnashish uchun shartnomani majburan imzolagan, ya’ni giyohvand moddalar bilan ushlanib, 12-18 yillik qamoq jazosi bilan tahdid qilingan. Unga hatto elchixona bilan aloqa qilishga ham yo‘l qo‘yilmagan. U qamalishi yoki urushga borishi kerakligi aytilgan.
“Men O‘zbekiston fuqarosiman. Birinchi harbiy topshiriq olishim bilan, boriboq yarim kunda taslim bo‘ldim. Men u yerda bir nechta dronlarni ko‘rdim. Chap tomonda, o‘ng tomonda rus askarlari yotardi, hatto oyoq qo‘yishga joy yo‘q edi, jasadlarga to‘la. Juda ko‘p. Shunchaki juda ham ko‘p jasadlar. Shunaqangi sasirdiki…qo‘rqinchli darajada. ”
Nexta Live nashrining yozishicha, u radio va jihozlarni o‘zi sotib olganini, armiya tartibsizlik va yolg‘onga to‘lib ketganini aytgan. U O‘zbekiston hukumatidan vataniga qaytishda yordam so‘ragan.
Afsuski, turli sabablarga ko‘ra, Rossiya armiyasida urushga borayotganlar ko‘paysa, ko‘paymoqdaki, kamaygani yo‘q.
Frontdan yordam so‘rab, Uzdiplomat.uz nashriga murojaat qilgan o‘zbekistonlik fuqaro Donesk atrofidagi urushda ko‘plab Markaziy Osiyo respublikalaridan borgan migrantlar, jumladan, o‘zbekistonliklar qiyin ahvolda qolganini aytgan.
O‘zini oshkor qilgisi kelmagan yurtdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, u avval Rossiyada qamoqda bo‘lgan. U va yana 150 ga yaqin o‘zbek mahbus O‘zbekiston prokuraturasiga xat yozib, vatanga qaytarishni so‘ragan. Ammo javob kutilganidek bo‘lmagan: “Bizga sizni olib ketolmaymiz, deyishdi. Keyin ko‘plar frontga borishni qabul qildi. Bu — qamoqdan chiqishning yagona yo‘li edi”, — degan u.
O‘zbekistonlikning aytishicha, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lmagan jinoyatlar uchun uzoq muddatli — 12–15 yilgacha qamoq jazosi berilib, mahbuslar urushga majburlanmoqda. U yashagan lagerdan bir yilda 500 nafar odam frontga jo‘natilgan, ulardan 350 tasi halok bo‘lgan.
“Bu yoshlar pul uchun ketmagan. Ular oilasi uchun, farzandlari uchun ketishgan. Ko‘pchiligi 18–30 yosh orasida edi”, — dedi u.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, jangga birinchi marta borgan yoshlar ko‘pincha qo‘rquv va dahshatdan o‘zini boshqara olmay, halok bo‘lgan.
“Pul uchun urushga ketgan deyishadi. Lekin men bilganlarning ko‘plari pul ham olmagan, fuqarolik ham, hatto harbiy bilet ham berilmagan holda o‘lib ketdi”, — deydi u.
Doneskda pasporti olib qo‘yilgan o‘zbekistonlikning aytishicha, frontda ko‘plab o‘zbek yoshlari bor, ular yerto‘lalarda yashirinib yashamoqda. “Rossiyaga qora yo‘l bilan o‘tish mumkin, lekin bu juda xavfli. Agar ketganimni bilsa, qidiruvga berishadi. Men faqat uyga qaytmoqchiman. Oilam bag‘riga qaytishni istayman”, degan u.
Afsuski, bu kabi yordam ilinjida tahririyatlarga murojaat qilayotgan o‘zbekistonliklar ko‘payib bormoqda. Esingizda bo‘lsa, bir necha oy oldin Migrant.uz tahririyatiga frontdan yordam so‘rab murojaat qilgan o‘zbekistonlik muhojir bilan suhbatni e’lon qilgan edik.
U ham frontdagi vaziyatning naqadar og‘irligini aytib, O‘zbekistonga qaytishga ko‘mak so‘ragandi. Hozircha O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bu kabi murojaatlarga javob qaytarganicha yo‘q.
Oliy sudning cud qarorlari e’lon qilib boriladigan Public.sud.uz sayti bazasini ko‘rar ekansiz, u yerda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi, ya’ni «Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish» bo‘yicha joriy yilning yanvarida 20 oktyabrigacha bo‘lgan muddatda 30 ta sud ishlari hujjatlari yuklanganiga guvoh bo‘ldik. Sentyabr-oktyabr oyining o‘zida 5 ta ana shu toifadagi ishlar birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan. Sudlanuvchilarning barchasi Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainadagi urushda qatnashgani sud hujjati bayonida aks etgan.
Jumladan, joriy yilning 8-oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudida taftish tartibida ko‘rilgan sudda 1981-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosini Rossiya qurolli kuchlari safiga yollanib, Ukrainadagi urushda ishtirok etgani uchun aybdor deb topilgan va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Sud hujjatlarida yozilishicha, sudlanuvchi 2023-yil sentyabr oyida Mehnat migratsiyasi agentligi orqali Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketgan. U rasman ishga joylashtirilgan bo‘lsa-da, ishlamasdan moddiy manfaat evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollanib, Ukrainadagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan. Sud jarayonida u o‘z aybini qisman tan olgan va polisiya xodimlari aldov yo‘li bilan uni shartnoma imzolatib, Ukrainaga urushga yuborganini aytgan. Shuningdek, u mehribonlik uyida o‘sgani, avval sudlanmagani va oilada yagona boquvchi ekanini ma’lum qilib suddan qarorni o‘zgartirishni so‘ragan. Biroq sud hay’ati uning shikoyatini rad etib, avvalgi qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi. Sud urushda ishtirok etish jinoyatini og‘ir deb baholab, uning qilmishi jinoyat tarkibiga to‘liq to‘g‘ri kelishi haqida qaror chiqargan.
29 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha Kegeyli tuman sudida ko‘rilgan ish hujjatlarida yozilishicha, sudlanuvchi 2023-yilning iyul oyida Rossiya Federatsiyasiga ishlagani ketgan va avgust oyida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolab, maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan hamda T-72 tanki mexanik-haydovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 2023-yilning dekabr oyidan 2024-yilning aprel oyiga qadar Xerson viloyati Krinki shahridagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashgan.
Sudda ko‘rsatma bergan sudlanuvchi Moskvadagi bozordagi reydda qo‘lga tushgani, hujjatida muammo bo‘lgani, tintuv chog‘ida yonidan giyohvandlik moddasi topilgani, biroq moddalar unga tegishli emasligini isbotlay olmaganini va atay tashlab qo‘yilganini aytgan. Shundan so‘ng unga qamoq yoki shartnomaga imzo chekish taklif qilingan va u urushni tanlashga majbur bo‘lgan. Sud JKning 72-moddasini qo‘llab, 2 yillik shartli qamoq jazosi belgiladi.
2025-yil 24-sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Gʻallaorol tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Jizzax viloyati, Bahmal tumanida tug‘ilgan shaxsga hukm o‘qildi.
Sud hujjatlarida yozilishicha, sudlanuvchi bir necha yillar harbiy sohada ishlagan, keyinchalik ishdan bo‘shagan. 2018-2021-yillarda Rossiyada ishlagan va 2023-yilning may oyida yana ishlash maqsadida Rossiyaga yo‘l oladi. U ko‘rsatmasida pulga muxtoj bo‘lgani sababli urush targ‘ibot e’lonidan ko‘rib, shartnoma imzolagan va Tolyati shahrida 3 oy harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, bir yil davomida Ukrainaning Lugansk viloyati, Mirnoye qishlog‘idagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. 2024-yilning may oyida Samarskaya viloyati ichki ishlari organi tomonidan fuqarolik pasporti berilgan.
Sud hujjatlarida O‘zbekiston tomonidan berilgan xorijga chiqish pasporti yirtib tashlangani yozilgan. Rossiya pasporti bilan yana bir bor shartnoma imzolab, harbiy harakatlarda qatnashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaning sobiq Mudofaa vaziri Sergey Shoygu nomidan “Jangovar harakatlarda ishtiroki uchun” medali, V.Putin nomidan “Ikkinchi darajali jasorat” medali bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 59,61- moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 (uch) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Navbatdagi sud ishi 2025 yilning 15 sentyabr kunida jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumanida bo‘lib o‘tgan.
1998-yilda Paxtachi tumanida tug‘ilgan shaxs ustidan hukm o‘qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan davrida, 2021-yilda, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va qamoqxonada 2024 yil iyul oyida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatiga yollanib, Lugansk va Kursk viloyatida bo‘lib o‘tgan Ukraina davlatiga qarshi harbiy harakatlarda faol ishtirok etib, Lugansk va Kursk viloyatida joylashgan jang maydonida harbiy istehkomlar (blindaj) qurish ishlariga jalb qilingan. Bu orada Rossiya fuqaroligi pasporti berilgan.
Sud qaroriga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab, 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Navbatdagi xuddi shunday sud ishi 2025-yil 11 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida o‘tkazilgan va unda 1970-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan shaxsga hukm o‘qilgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, sudlanuvchi Ukraina davlatiga qarashli “Xochu jit” nomli kanalda Rossiya-Ukraina o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan 1100 nafar o‘zbekistonlik shaxslar ro‘yxatida bo‘lgan.
U 2023-yilda iyun oyilarida Qirg‘iziston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiyasiga mavsumiy ishlash maqsadida borgan. Biroz muddat ishlaganidan so‘ng, RF federal migratsiya xizmati idorasiga patent olish uchun borganida, unga FMX xodimlari patent berilmasligini, biroq, “RF-Ukraina” o‘rtasidagi urushda ishtirok etish uchun shartnoma imzolasa, unga RF fuqaroligi berilishini hamda RF hududida ishlashi mumkinligini aytishgan. Shundan so‘ng, 2023-yil iyun oyida RF Mudofaa Vazirligi bilan o‘z hoxishiga ko‘ra bir yillik shartnoma imzolagan va “mashinist-mexanik” sifatida xizmat qilgan.
Sudlanuvchiga O‘zbekiston Respublikasi JK 154- moddasining 1-qismi bilan JK 57-moddasi qo‘llanib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Xulosa qilib aytganda, bizdan minglab kilometr uzoqdagi urushda minglab o‘zbekistonlar bor. Bu haqda deyarli barcha ommaviy axborot vositalar yozmoqda, gapirmoqda. Bugun Rossiya federatsiyasida mehnat muhojirligida yurgan vatandoshlar begona urushning zarari nafaqat o‘ziga, balki oilasiga-da yomon ta’sir qilishini unutmasinlar. Moddiy boylik, pul yoki va’da qilinayotgan narsalar aziz jonni xavf-xatarga qo‘yishga arzimaydi.