
Yekaterinburgda ro‘y bergan jiddiy hodisa sababli Ozarbayjon hukumati Rossiyadan tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda.
Ozarbayjon matbuotiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan reydda odamlar kaltaklangan. Oqibatda, jurnalistlarga ko‘ra, o‘sha joydagi restoranning egalari bo‘lgan ikki erkak halok bo‘lgan.
Ozarbayjon elchixonasining ma’lum qilishicha, jami 9 kishi qo‘lga olingan, halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor. Bayonotda shunday deyiladi:
“Biz Rossiyadan tezkor tergov o‘tkazilishini kutamiz va bu shafqatsiz hujum uchun javobgarlar jazolanishini istaymiz”.
E1 saytining xabar berishicha, FSB go‘yoki eski jinoiy ish doirasida 50 dan ortiq odamni hibsga olgan. Nashrning yozishicha, asosiy gumondorlardan biri hibsda vafot etgan.
Ozarbayjon manbalarining yozishicha, xavfsizlik kuchlari Rossiya fuqarolari, lekin asli ozarbayjonlik bo‘lgan Safarovlar oilasi yashaydigan manzillarga kelgan.
Yaqinlarining aytishicha, ikki aka-uka Husayn va Ziyovuddin Safarovlar halok bo‘lgan, yana sakkiz kishi jarohat olgan.
O‘ldirilgan erkaklar restoran biznesi bilan shug‘ullangan. Ular Yekaterinburgdagi «Kaspiy» restoraniga egalik qilishgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, FSB reydi 2001-yilda xuddi shu restoranda sodir bo‘lgan eski qotillik ishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.