Rossiya hukumati Grozniyga uchayotgan va Qozog‘istondagi Oqto‘ba shahri yaqinida qulab, 38 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan samolyot halokatining sabablariga oid «taxmin”larni muhokama qilmaslikni va shoshqaloqlik bilan xulosa chiqarilmaslikni so‘ramoqda. Bu izoh halokatga Rossiyaning havo hujumi sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarning keng muhokama qilinishi fonida yangramoqda.
“Tekshiruv natijalari chiqmaguncha har qanday taxminlarni bildirish noto‘g‘ri bo‘lardi, — degan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. “Biz, albatta, bunday qilish niyatida emasmiz va hech kim bu ishni qilmasligi kerak. Tekshiruv yakunini kutish zarur”, deya fikr bildirgan Putinning matbuot kotibi. Halokat bo‘yicha tergov Qozog‘iston rasmiylari tomonidan olib borilmoqda.
Payshanba kuni Qozog‘istonning Mangistau viloyati transport prokurori Abilaybek Ordaboyev Reuters agentligiga bergan intervyusida Rossiya havo mudofaasining ushbu halokatga aloqadorligi borligi to‘g‘risida hech qanday xulosa chiqarilmaganini ma’lum qildi.
Ozarbayjonda 26-dekabr samolyot halokati qurbonlari xotirasi uchun milliy motam kuni deb e’lon qilindi. Samolyot bortida bo‘lgan 67 kishidan 29 nafari omon qoldi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot halokatini «ozarbayjon xalqi uchun ulkan fojia» deb atadi.
Halokatdan so‘ng, bir qator aviatsiya ekspertlari samolyot Checheniston Respublikasi ustida Rossiya HHM tizimlari tomonidan zararlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Ma’lum bo‘lishicha, qulashdan sal avval samolyot belgilangan manzilidan Kaspiy dengizi orqali G‘arbiy Qozog‘istonga yo‘naltirilgan.
Ozarbayjonda bir nechta anonim manbalar mahalliy va xalqaro OAVga bergan intervyularida halokat sababi Rossiya raketasi bo‘lganini ta’kidlashgan. Xususan, rasmiy tergovga yaqin Ozarbayjondagi manbaga ko‘ra, dastlabki tergov natijalari samolyot Rossiyaning “Pantsir-S” HHM tizimi tomonidan urib tushirilgani, samolyotning aloqa tizimlari esa Grozniyga yaqinlashganda radioelektron kurash tizimi orqali izdan chiqarilganini ko‘rsatgan.
«Bu ish qasddan amalga oshirilgan, deb hech kim aytgani yo‘q. Biroq aniqlangan faktlarni hisobga olgan holda, Boku Rossiya tomoni Ozarbayjon samolyotini urib tushirganini tan olishini kutmoqda», — deb xabar qiladi Reuters nashri. Ushbu xulosani yana uchta anonim ozarbayjonlik manba Reuters agentligiga tasdiqlagan.
26-dekabr kuni Ozarbayjonning hukumatga yaqin “AnewZ” telekanali dastlabki tergov natijalariga ko‘ra Rossiyaning “Pantsir-S” havo mudofaa tizimidan otilgan «yer-havo» raketasi bo‘laklari yo‘lovchi samolyotga tushganiga ishora qilayotganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon parlamenti deputati va xalqaro ishlar qo‘mitasi a’zosi Rasim Musabekov “Turan” axborot agentligiga bergan intervyusida quyidagilarni ma’lum qildi. «Samolyot Rossiya hududida, Grozniy osmonida urib tushirildi. Buni inkor etib bo‘lmaydi». Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirda bu voqeani yashirishga harakat qilmoqda, biroq buning o‘rniga uzr so‘rab, aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak.
«Bu ishni qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi, halok bo‘lganlar uchun tovon to‘lanishi va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilishi shart. Aks holda, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar boshqa yo‘nalishga o‘tishi mumkin», — degan Musabekov “Turan”ga.
AQSh ma’muriyati ham AFP agentligiga halokatning dastlabki belgilariga ko‘ra, Rossiya HHM tizimi Ozarbayjonning “Azerbaijan Airlines” samolyotini urib tushirgani haqida xabar bergan. BBC Qozog‘iston prokurorlaridan ushbu versiya bo‘yicha izoh so‘rab murojaat qildi. Izoh tariqasida qozoq huquq-tartibot organlari halokatga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha versiyalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Ozarbayjon Rossiyaga bosimni kuchaytirmoqda, deydi “BBC Ozarbayjon” xizmatining muharriri Kenul Xalilova. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonda hukumatga yaqin OAVda Rossiyani xato qilganini tan olishga chaqiruvchi materiallar ko‘payib bormoqda. 26-dekabr kuni bir nechta hukumat nazoratidagi telekanallar Ozarbayjon samolyoti Rossiya tomonidan urib tushirilgani haqidagi taxminlarni ochiq aytgan ekspertlarning intervyularini efirga uzatdi, deydi Xalilova.
Shuningdek, xabar qilinishicha, Ozarbayjon hukumati Vladimir Putinni g‘azablantirmaslik uchun ehtiyotkor bo‘lishga harakat qilmoqda. Tergov komissiyasi ushbu faktlarni tasdiqlovchi dalillarni allaqachon topgan, lekin Rossiyadan rasmiy izohni kutayotgani aytilmoqda.
Rossiya xatosini tan olsa, harbiy harakatlar olib borilgan bo‘lsa, nega havo hududi yopilmagani, nega samolyotga birinchi imkoniyatda qo‘nishga ruxsat berilmagani va nima uchun Oqto‘bega yo‘naltirilganiga o‘xshash haqidagi savollarga javob berish talab qilinadi.
Omon qolgan yo‘lovchilardan biri Rossiya telekanaliga bergan intervyusida Grozniy ustidagi qalin tumanga qaramay samolyot ekipaji ikki marta aeroportga qo‘nishga urinib ko‘rganini, uchinchi urinishda esa «nimadir portlagani» va samolyot qoplamasining bir qismi uchib ketganini aytgan.
Kremlga yaqin OAV halokatni qushlar bilan to‘qnashuvga bog‘lashga uringan. Biroq ekspertlar bu versiyaga shubha bilan qaramoqda.
«Qushlar bilan to‘qnashuv natijasida samolyot yaqin aeroportga yo‘naltiriladi,» — deydi aviatsiya eksperti Richard Abulafiya Reuters agentligiga. «Qushlar bilan to‘qnashilsa boshqaruvni yo‘qotishingiz mumkin, lekin yo‘nalishni bunday keskin o‘zgartirish mumkin emas,» — deya qo‘shimcha qildi u.
Risklarni tahlil qilish bo‘yicha “Sibylline” kompaniyasi eksperti Jastin Kramp “BBC Radio 4” bilan suhbatida samolyotning ichki va tashqi qismlaridagi shikastlanishlarni tahlil qilgan.
«Bu shikastlanishlar samolyotning orqa qismi va chap tomoniga yaqin joyda raketa portlaganidan dalolat beradi», — deydi Kramp. Eslatib o‘tamiz, halokatga uchragan samolyot 450 km sharqda joylashgan Oqto‘be aeroportiga yo‘naltirilgan.
E’lon qilingan videokadrlarda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan 3 km uzoqlikda katta tezlikda yerga urilgani va yonib ketgani aks etgan. Samolyot bortida asosan ozarbayjonliklar, shuningdek Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lgan.
Videolarda samolyot qoldiqlari ostidan omon qolganlarning chiqib kelayotgani, ba’zilarida ochiq jarohatlar borligini ko‘rish mumkin. Jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan. “Azerbaijan Airlines” vakillari jurnalistlarga halokatga uchragan samolyot oktyabr oyida to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tganini va hech qanday texnik nosozlik bo‘lmaganini ma’lum qilgan.