
27-iyul kuni Panikovets qishlog‘ida (Lipetsk viloyati) o‘sha qishloqda yashovchi kampir va cho‘pon bo‘lib ishlayotgan tojikistonlik muhojir o‘rtasida mojaro kelib chiqqani haqida yozilgan edi.
Ayol muhojirning qo‘ylari uning polizidagi ekinlarni yeb qo‘yganini da’vo qilgan edi. Kampir poliz mahsulotlaridan “SVO”dagi jangchilarga atab «g‘alaba sho‘rvalari» qilmoqchi ekanini aytgan.
Biroq qishloq aholisi muhojirning yonini oldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, polizga jiddiy zarar yetmagan.
Guvohlardan biri, Yuriy ismli cho‘ponning aytishicha, u hammasini videoga olgan, karam, bodring va qalampirlar zarar ko‘rmagan. Bir nechta barglarini hasharotlar yegan, xolos.
Qishloq aholisining qo‘shimcha qilishicha, muhojir bilan rossiyalik cho‘ponlar birga ishlaydi. Chorva esa nazorat ostida boqilmoqda. Shuningdek, u tojikistonlikni ayblagan ayol qishloqda muhojirlarga nisbatan dushmanligi bilan tanilganini ta’kidlagan.
Mahalliy hokimiyat hozircha hech qanday rasmiy izoh bermagan. Ma’lumki, muhojir qishloqda qonuniy yashab, mahalliy aholi bilan birga chorvachilik bilan shug‘ullanadi.