Rossiya IIV joriy yilning yanvar oyidan boshlab, mehnat patentlarining oylik avans to’lovlari miqdori o’zgarganini eslatib murojaat e’lon qildi.
Muhojirlarning patentlari uchun oylik to’lovlari qiymatini Rossiya Federatsiyasining har bir mintaqasi alohida belgilaydi. Xorijiy fuqarolar mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Rossiya Federatsiyasining subyektlariga qarab, o‘sha mintaqada belgilangan to‘lovni amalga oshiradi. Migrant.uz har bir mintaqadagi patent narxlarini e’lon qilgan edi.
Patent faqat avans to’lovi o’z vaqtida to’langan taqdirda amal qiladi, deb yozadi Rossiya IIV.
Shuningdek, vazirlik muhojirlarning patentni rasmiylashtirish bilan bog’liq eng ko’p beriladigan savollariga javob berib o‘tgan.
Patentning amal qilish muddati qancha?
💬 Mehnat patenti 1 oy dan 12 oygacha bo’lgan muddatga beriladi. Uning amal qilish muddatini bir oydan kam bo’lmagan muddatga to‘lovni amalga oshirib, uzaytirish mumkin. Shu bilan birga patentning umumiy amal qilish muddati 12 oydan ortiq bo’lishi mumkin emas.
Agar muhojir ish joyidan bo’shatilgan bo’lsa, patent bekor qilinadimi?
💬 Agar xorijiy fuqaro bilan mehnat shartnomasi bekor qilinsa ham patent bekor bo‘lmaydi. Muhojir patent muddati tugamagan bo’lsa, boshqa ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin.
Patentning amal qilishini qayerdan tekshirish mumkin?
💬 Patentning amal qilishi to’g’risidagi ma’lumotlarni Rossiya IIVning veb-saytida ushbu havola orqali tekshirish mumkin.
⚡️Agar patentning amal qilish muddati tugayotgan bo‘lsa yoki allaqachon tugab bo‘lgan bo’lsa, unda zudlik bilan Rossiya IIVning hududiy bo’linmalariga yoki «ПВС» filiallariga murojaat qilish lozim.