329 06/07/2026

Stavropoldagi IIVning migratsiya masalalari boʻyicha boʻlimiga ishga patent olish uchun kelgan oʻzbekistonlik migrantning egnida Ukraina Qurolli Kuchlari emblemasi tushirilgan futbolka boʻlgan. Boʻlim xodimsi va boshqa tashrif buyuruvchilar unga tanbeh berishgan, biroq erkak qanday kiyim kiyishni oʻzi hal qilishini aytgan. Shundan soʻng Stavropolning Lenin tuman sudi uning ishini koʻrib chiqdi va migrantni Rossiya Qurolli Kuchlarini obroʻsizlantirish toʻgʻrisidagi modda boʻyicha aybdor deb topib, 30 ming rubl miqdorida jarima belgiladi.

Erkakning oʻzi aybini tan oldi, lekin sud majlisiga kelmay, sud qarorini uyiga yuborishni soʻradi. Sud chet ellik fuqaroning ishi yoʻqligini, ammo uning qaramogʻida xotini va voyaga yetmagan farzandlari borligini hisobga oldi. Erkakning pushaymonligi yengillashtiruvchi holat deb hisoblandi. Sud deportatsiya qilmaslikka, balki ushbu jazoni uning tuzalishi uchun yetarli deb hisoblab, faqatgina 30 ming rubl jarima bilan cheklanishga qaror qildi. Bu haqda «Readovka» telegram-kanali xabar bermoqda.

Sudning bunday qarori harbiy muxbir Dmitriy Steshinning noroziligiga sabab boʻldi. Uning fikricha, harbiy mojaro paytida davlat muassasasida dushman ramzlarini kiyib yurganlik uchun 30 ming rubl miqdoridagi jarima koʻrinishidagi jazo juda yengil ekan. Harbiy muxbir rasman ishlamaydigan va raqibni qoʻllab-quvvatlashini ochiqchasiga namoyish etayotgan shaxs nega Rossiyada qoldirilayotgani va deportatsiya qilinmayotganidan hayratda. Dmitriy Steshinning fikricha, sudyalarning bunday yengil qarorlari davlat qonunlarini buzadi, oddiy fuqarolar va maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilari esa dushman tarafdorlariga nisbatan bunday iliq munosabatni tushunmaydilar.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya