
Moskov va butun Rossiya patriarxi Kirill migrantlar bilan bog‘liq muammolarni yashirish mumkin emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada mahalliy aholi o‘rniga migrantlar almashib borishi odamlarda norozilikka olib keladi va mamlakatda madaniy inqirozlar yuzaga keltirishi mumkin. U bunday masalalarga ko‘z yumilsa, bu «rus olamiga tahdid» ekanini ta’kidladi.
Patriarxning aytishicha, ayrim hududiy hokimiyatlar ommadagi keskinlikni kamaytirish uchun bu haqda gapirmaslikni ma’qul ko‘rayotgan ekan. Uning iddaosicha, bu aks ta’sir qilib, norozilikni kuchaytirar emish.
Shuningdek, u ekstremistik tashkilotlar migrantlarni o‘z safiga olishga harakat qilayotganini, jumladan radikal qarashlarni targ‘ib qiluvchi guruhlar ham borligini aytdi. Patriarxning so‘zlariga ko‘ra, ayrim musulmon jamoalari uning migrantlar borasidagi fikriga salbiy munosabat bildirgan. U musulmonlarning bo‘lishiga qarshi emasligi, gap dinlararo munosabatlar va mamlakatning kelajagi haqida ketayotganini qayd etgan.
Bundan tashqari, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev 27-noyabr kuni migrantlar kirishi va ularning mamlakatdagi harakatini qat’iy nazorat qilish kerakligini aytdi. 1-dekabrdan boshlab Moskva aeroportlarida xorijliklarning suratga olinishi va barmoq izlari yig‘ilishi yuzasidan tizim tajribadan o‘ta boshlaydi.