Maqola

113 12/03/2025

Perm viloyati gubernatori Dmitriy Maxonin hududda migrantlarning ayrim sohalarda ishlashini taqiqlovchi qarorni imzoladi.

Mazkur qarorga muvofiq, migrantlarga taksi haydovchisi bo‘lib ishlash, shuningdek chakana savdo sohasida faoliyat yuritish man qilindi.

Taqiq noixtisoslashgan do‘konlar hamda ixtisoslashgan savdo nuqtalarida ichimliklar va tamaki mahsulotlari savdosiga ham tegishli. Shuningdek, xorijiy fuqarolar neft, gaz qazib olish va neft mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullana olmaydi.

Cheklovlar transport xizmatlariga ham taalluqli. Migrantlarga xavfli yuklarni tashish, shahar, shahar atrofi va shaharlararo yo‘nalishlarda muntazam yo‘lovchi tashish, shuningdek yengil taksi va ijaraga olingan avtomobillar haydovchisi sifatida ishlash taqiqlandi.

Qarorda shunday deyiladi: «2025-yilda Perm viloyati hududida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga Rossiyaning iqtisodiy faoliyat turlari umumiy klassifikatoriga muvofiq ayrim iqtisodiy faoliyat sohalari bo‘yicha patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolarni jalb etish taqiqlansin».

Bu chora-tadbirlar mehnat migratsiyasini tartibga solish va mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Hudud ma’muriyati cheklovlar mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga va bandlik darajasining oshishiga yordam beradi, deb umid qilmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bunday cheklovlar mehnat bozoriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa, an’anaviy ravishda xorijiy ishchilar ko‘p band bo‘lgan sohalarda.

Migrantlar uchun taqiqlangan kasblar ro‘yxati bilan huquqiy ma’lumotlar portalidagi qaror ilovasida tanishish mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya