
Sankt-Peterburgda Smolninskiy sudi chet elliklar uchun soxta hujjatlar tayyorlagan uch nafar mahalliy fuqaroga nisbatan hukm chiqardi. Yevgeniy Ledyayev, Abduselim Esedulayev va Darya Xodus migrantlarga Rossiyada ishlash uchun patentlarni noqonuniy olishda va boʻlish muddatlarini uzaytirishda yordam berishgan. Umumiy hisobda ular 29 migrant uchun soxta hujjatlar tayyorlagan. Toʻrt chet ellikka mehnat patentlarini rasmiylashtirish uchun soxta hujjatlar toʻplamini topshirgan, yana 25 migrantga esa mamlakatda boʻlish muddatini noqonuniy uzaytirishga yordam bergan.
Jinoiy sxema 2018-yilda fosh etilgan. Oʻshanda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tekshiruv xaridini oʻtkazishgan. Sheriklar ularga Qirgʻiziston fuqarosi nomiga rasmiylashtirilgan soxta migratsiya hujjatlari toʻplamini sotgan. Ushbu bitimdan soʻng barcha uch nafar gumonlanuvchi qoʻlga olingan. Sudda Esedulayev va Ledyayev oʻz ayblarini toʻliq tan olishgan, Xodus esa uni faqat qisman tan olgan.
Sud noqonuniy migratsiya tashkilotchilariga turli jazolar tayinladi. Yevgeniy Ledyayev umumiy tartibli axloq tuzatish koloniyasida 10 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi va 300 000 rubl miqdorida jarima oldi, biroq u ushbu muddatni allaqachon toʻliq oʻtab boʻlgan. Abduselim Esedulayev umumiy tartibli koloniyada 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 450 000 rubl miqdorida jarima jazosiga hukm qilindi. Darya Xodus 3 yil sinov muddati bilan 2 yilga shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosini, shuningdek, 200 000 rubl miqdorida jarima toʻlaydi.