
Sankt-Peterburg ma’muriyati bergan xabarga ko‘ra, 8 mingta shahar videokamerasi «etnik identifikatsiya» uchun sozlanadi. Bu haqda «Kommersant» nashri yozmoqda. Amaldorlar bu kameralar yordamida muhojirlarni va ularning joylashuvini kuzatmoqchi. Prezident huzuridagi Inson huquqlari kengashi esa kamera tasvirlari orqali etnik mansublikni aniqlash g‘oyasini «inson qadr-qimmatini kamsituvchi» deb baholadi.
Shahar ma’muriyatining millatlararo munosabatlar qo‘mitasi rahbari Oleg Kapitanov shahar hukumati yig‘ilishida yangi funksional haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Xavfsiz shahar» axborot tizimida «etnik mansublikni aniqlash mexanizmi» joriy etiladi. Kapitanov tushuntirishicha, bu mexanizm «etnik anklavlarni shakllanishini oldini olish» va «ijtimoiy keskinlikni bartaraf etish» uchun ishlab chiqilgan.
Amaldorning qo‘shimcha qilishicha, 8 mingta shahar videokamerasi (2024-yil oxiriga ko‘ra, shaharda 102 ming kamera bor) yangi funksiya bilan jihozlanadi. Qo‘mita «etnik mansublikni aniqlash» uchun lisenziya sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan («Kommersant» ma’lumotlariga ko‘ra, bu maqsadda 38,4 million rubl sarflanadi).
Oleg Kapitanovning ta’kidlashicha, yangi texnika avtomatik statistik hisobotlar tayyorlash imkonini beradi.
Shuningdek, amaldor 2024-yilda shahar aholisining faqat 43 foiz millatlararo munosabatlar holatini musbat baholaganini aytib o‘tdi, holbuki, ma’muriyat 62 foiz ko‘rsatkichga erishmoqchi edi. Hukumat yig‘ilishida qatnashgan Davlat Dumasi deputati Mixail Romanov esa muhojirlar – ayniqsa, elektrovelosipedlarda harakatlanuvchi kuryerlar yo‘llarda xavf tug‘dirayotganini tanqid qildi.
2024-yil sentyabrida Rossiya IIV rahbar o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy aytishicha, mamlakatda qariyb 6,2 million xorijiy fuqaro bor, ularning ko‘pchiligi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan. IIVning baholashicha, noqonuniy muhojirlar soni 630 ming kishini tashkil qiladi.
Sankt-Peterburg ma’muriyatining axborotlashtirish va aloqa qo‘mitasi bu maqsadda «etnik mansublikni aniqlash» dasturiy ta’minoti uchun lisenziya sotib olinganini tasdiqladi. Ularning aytishicha, bu ommaviy tadbirlarda tartib va xavfsizlikni ta’minlash, ko‘ngillilar va huquq-tartibot xodimlarini to‘g‘ri tashkillashtirish uchun zarur.
Prezident huzuridagi Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyev shahar ma’muriyatining bu tashabbusini tanqid qildi:
«Etnik anklavlarni aniqlash uchun 8 ming kamera kerak emas, shahar hokimiyati ular qayerda joylashganini shundoq ham biladi.»
MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Aleksandr Dokuchayev esa bu tizimning qanday ishlashi haqida savol qo‘ydi:
«Sankt-Peterburg kameralari qozoqlarni yoqutlardan qanday ajratadi?»
Uning fikricha, bu tashabbus «noodatiy va xato», chunki u millatlararo nizolarni kuchaytirishi mumkin.
Valeriy Fadeyev esa bu tizimni «inson qadr-qimmatiga tahdid» deb baholadi:
«Rossiyada hatto pasportda millat ko‘rsatilmaydi. Endi esa qandaydir kameralar insonning etnik mansubligini aniqlashi mumkin ekan.»