Maqola

198 05/09/2024

Sankt-Peterburgda mahalliy deputat bo‘lishga harakat qilayotgan asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Ravshanbek Qurbanov millatchilar nafratiga duch keldi. Migrantlarga bo‘lgan nafrat to‘lqini mahalliy saylovlarga ham yetib kelgan. Saylov kampaniyasi davomida Qurbanov raqibi millatchi Savva Fedoseyev tomonidan millati tufayli nafratga, tahdid va bosimlarga uchradi. Shu sababli sudga murojaat qilib, ikki marta millatchilar ustidan ishni yutdi.

Sankt-Peterburg shahar sudi birinchi instansiya qarorini tasdiqlab, Savva Fedoseyevni saylovdan chetlatdi. Da’voni sudga o‘zbeklar diasporasi yetakchisi va «Yedinaya Rossiya» partiyasidan deputatlikka nomzod Ravshanbek Qurbanov kiritgan. O‘z da’vosida u Fedoseyevni noqonuniy targ‘ibot va ekstremizmda ayblagan. Ravshanbek Qurbanov sudda Savva Fedoseyev telegramdagi kanalida Qurbonovning ruxsatisiz suratlaridan foydalanganini, bu kanal saylov komissiyasida ro‘yxatdan o‘tmaganini, saylov qonunlari buzilayotganini, tuhmat va nafrat materiallari chiqarilganini taqdim etgan. Sud Qurbonovning tarafini olib, millatchi nomzodning nomi saylov byulletenlaridan chiqarilishi haqida qaror chiqardi.

Bundan tashqari, Qurbonov Fedoseyevning postlaridan so‘ng milliy nafrat asosida tahdidlar olganini sudda alohida gapirgan. Avvalroq Qurbonov tahdidlar tufayli polisiyaga ham murojaat qilgan edi. Savva Fedoseyev esa ayblovlarni rad etib, uning kanali saylovlardan ancha oldin yaratilganini va boshqa maqsadlarda foydalanilganini qayd etgan. Sudda Fedoseyevning himoyachisi uning postlarida ekstremizm alomatlari yo‘qligini isbotlash uchun lingvistik ekspertiza taqdim etgan. Shunga qaramay, sud Fedoseyevni saylovdan chetlatish to‘g‘risidagi qarorni kuchda qoldirdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, bu ish migrantofobiya va millatchi g‘oyalarga qarshi huquqiy maydonda, sud orqali madaniy usulda kurashishning ilk namunasidir. Millatchilar ustidan boshqa yetakchilar ham tegishli tartibda sudga murojaat qilib, migrantofobiyaga barham berishga hissa qo‘shadi degan umiddamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya