2023-yilda Xabarovskda huquqni muhofaza qilish organi xodimini o‘z mashinasida urib ketgan migrant kuni kecha Xabarovsk sudi qarori bilan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “РИА Новости” Xabarovsk o‘lkasi va Yahudiy avtonom oblasti bo‘yicha tergov qo‘mitasiga tayangan holda xabar bergan.
«Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi, 2003-yilda tug‘ilgan shaxsga nisbatan ayblov hukmini chiqarish uchun dalillar sud tomonidan yetarli deb topildi. Ushbu shaxsga qat’iy tartibdagi koloniyada 15 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi», — deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.
2023-yilning avgust oyida Rosgvardiya xodimlari migrantni to‘xtatish maqsadida xizmat qurollarini ishlatishga majbur bo‘lgan edi, deyiladi “РИА Новости” nashrining xabarida. Voqea natijasida migrant yelkasidan yaralangan. Rasmiylar muhojir o‘z mashinasida politsiya xodimini urib o‘ldirishga harakat qilgan, deya iddao qilgan. Shundan keyin hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organi xodimining hayotiga tajovuz qilish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi 317-moddasi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.