Maqola

1 363 27/08/2025

Koreya davlatiga ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migratsiya agentligi xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Davlat xavfsizlik xizmati tezkor tadbir o‘tkazib, Migratsiya agentligi xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi xizmat vakolatidan foydalanib, bir guruh fuqarolarni aldagan. U Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan ulardan 41 ming AQSH dollarini olgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergov davomida uning bu ishda yolg‘iz emasligi ma’lum bo‘ldi. Migratsiya agentligi markaziy apparatida ishlovchi bosh mutaxassis ham ishga aralashgani aniqlandi. U 15 ming dollar olgan paytda qo‘lga tushgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xodimlar 2024-yil davomida 80 dan ortiq fuqarolardan jami 700 ming dollardan ziyod pul yig‘ib, ularni ishga jo‘natishni amalga oshirmagan va sarson qilgan.

Hozirgi vaqtda ularga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora olish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Tergovchilar jinoiy guruhning boshqa a’zolarini ham aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya