
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga mamlakatda “do‘stona bo‘lmagan mamlakatlar”ning dasturiy ta’minotidan foydalanishga yangi cheklovlar bo‘yicha takliflar tayyorlashni topshirdi. Ro‘yxatga aloqa dasturlari – messenjerlar, videoqo‘ng‘iroqlar va boshqa xizmatlar ham kirishi mumkin. Barcha takliflar 1-sentyabrgacha tayyor bo‘lishi kerak. Hujjat ko‘rsatmalari bilan Kreml saytida e’lon qilingan.
Gap Rossiyadan chiqishini rasman e’lon qilgan, lekin aslida o‘z faoliyatini davom ettirayotgan xorijiy IT-xizmatlari haqida bormoqda. May oyida prezident bilan uchrashuv ishtirokchilaridan biri – PAO «IVA» kompaniyasi rahbari Stanislav Iodkovskiy Zoom dasturini misol qilib keltirdi va rossiyalik ishlab chiquvchilar bunday xorijiy platformalar tufayli daromadlarini yo‘qotayotganidan shikoyat qildi. Bunga javoban Putin bunday xizmatlarni “bo‘g‘ib qo‘yish” kerakligini aytgan edi.
Bundan tashqari, Putin Rossiya IT-dasturlarni eksport qiluvchi kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Ushbu takliflar ham 1-sentyabrgacha taqdim etilishi kerak.
Bu barcha tashabbuslar orasida mashhur xorijiy messenjerlar uchun mumkin bo‘lgan cheklovlar haqida gap-so‘zlar ko‘paymoqda. Misol uchun, Rossiyaning VK kompaniyasi yaqinda Xitoyning WeChatiga o‘xshash Max nomli o‘z messenjerini ishga tushirdi. U foydalanuvchi ma’lumotlarini to‘playdi va uni nafaqat hamkorlarga, balki huquqni muhofaza qilish organlariga ham o‘tkazishi mumkin. Ayrim ekspertlarning fikricha, rasmiylar WhatsApp yoki Telegram kabi xizmatlarni bloklashga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayev o‘sha uchrashuvdan so‘ng Rossiya analoglariga ega xorijiy internet xizmatlaridan foydalanishni bosqichma-bosqich cheklash masalasini ko‘rib chiqishlari mumkinligini aytdi. «Prezident bo‘g‘inglar dedimi, bo‘g‘amiz», — degan vazir.