
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan ish bo‘yicha birinchi instansiya sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Sudlanuvchining yengilroq jazo tayinlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmadi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2023-yil 17-mart kuni ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Yakutiya respublikasiga borgan. Keyinchalik u moddiy manfaat evaziga Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Ukraina hududida olib borilayotgan harbiy harakatlarda ishtirok etishga rozilik bildirgan.
2024-yil 7-dekabr kuni u rasmiy ravishda harbiy shartnomani imzolab, harbiy guvohnoma olgan. Shu kunning o‘zida u Rossiyaning Saxalin shahriga yuborilib, u yerda joylashgan harbiy qismda 15 kun davomida tayyorgarlikdan o‘tgan.
Shundan so‘ng sudlanuvchi Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, u Donesk viloyatida olib borilgan harbiy operatsiyalarda qatnashgan.
2025-yil aprel oyida jangovar harakatlar vaqtida harbiy dron zarbasi natijasida u og‘ir jarohat olgan. Keyinchalik Donesk viloyatidagi harbiy gospitalda davolangan.
Davolanishdan so‘ng u yana harbiy qismga qaytarilib, jangovar harakatlarga jalb qilingan. Keyin esa bir oylik ta’til vaqtida Yakutsk shahrida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan.
2025-yil noyabr oyida u Qirg‘izistonga, u yerdan esa O‘zbekistonga qaytgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchining tanasida portlash natijasida kelib chiqqan ko‘plab jarohat izlari — oyoq suyagi sinishi, ko‘krak, bel va boshqa qismlardagi chandiqlar aniqlangan.
Birinchi instansiya sudi uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topib, 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Apellyasiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, jazo qonuniy va adolatli ekanini ta’kidladi. Sud, ayniqsa, chet davlat hududida moddiy manfaat uchun harbiy harakatlarda ishtirok etish qonunchilikka zid ekanini qayd etdi.
Shu tariqa, sudlanuvchining shikoyati rad etildi va avvalgi hukm o‘z kuchida qoldirildi.