
Namangan viloyatida yashovchi J.U. pul topish uchun Rossiyaga ketgan. Biroq, qonunni yaxshi bilmasligi va oson pul topish istagi tufayli u Rossiya-Ukraina urushiga olib kelgan voqealarga aralashib qolgan. Yuqori maosh, nafaqa va Rossiya fuqaroligini olish va’dalariga berilib, u harbiy shartnoma imzolagan va uyga qaytgach, sudga tortilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, J.U. 2024-yil 22-iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Vladimir viloyatiga ishlash uchun borgan. Ammo u yerda tegishli hujjatlarsiz ishlagani sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratiga tushgan va vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Hibsxonada bo‘lgan vaqtda u mahbuslar va ularning yaqinlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun jalb qilish ishlari olib borilayotganidan xabar topgan. Sud materiallarida qayd etilishicha, aynan shu paytda J.U. urushda qatnashganlarga berilayotgan imtiyozlar, yuqori maosh va Rossiya fuqaroligini olish imkoniyati bilan qiziqib qolgan. Shuningdek, u vaqtincha saqlash muassasasidan chiqish imkoniyatini ham ko‘rgan.
Shundan so‘ng u Rossiya vakolatli organlari xodimlari bilan suhbat o‘tkazib, harbiy xizmatga kirishga rozilik bergan. 2025-yil yanvar oyida o‘z ixtiyori bilan Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Sud hujjatlariga ko‘ra, unga har oy 210 ming rubl maosh to‘lash va keyinchalik Rossiya fuqaroligini olish imkoniyati va’da qilingan.
Shartnoma imzolangandan keyin J.U. harbiy qasamyod qabul qilgan va Rossiya Qurolli kuchlari safiga kirgan. U maxsus shaxsiy raqam bilan ta’minlangan hamda Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan plastik kartaga har oy maosh olib turgan.
Keyin u Rossiya Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismda bir oy davomida tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu yerda unga quroldan foydalanish va o‘q otish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan. Tayyorgarlikdan so‘ng u Rossiya va Ukraina qurolli kuchlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar hududiga yuborilgan va u yerda yollanma askar sifatida qatnashgan.
Jang harakatlari davomida J.U. jarohat olgan. Sud hujjatlarida uning o‘ng qo‘li bilak qismi va bel sohasidan tan jarohati olgani qayd etilgan. Shundan keyin u Rossiya harbiy gospitalida va harbiy qismda davolangan. Davolanish 2025-yil avgust oyigacha davom etgan.
Sog‘lig‘i tiklangach, u «Vatanga qaytish guvohnomasi»ni rasmiylashtirib, 2025-yil 7-sentyabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, uning harakatlariga huquqiy baho berildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudi J.U.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi — yollanma askar sifatida qurolli mojaroda qatnashishda aybdor deb topdi va 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Sud uning muqaddam sudlanmagani, aybiga iqror bo‘lgani va qilmishidan pushaymonligini inobatga olgan holda jazoni yengillashtiruvchi holatlarni ham hisobga olgan.
Himoya tomoni jazoni yengillashtirishni so‘ragan bo‘lsa-da, Namangan viloyati sudi ham birinchi instansiya sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Taftish instansiyasi ham sud qarorini qonuniy deb topib, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirdi.
Bu voqea mehnat migratsiyasi maqsadida chet elga chiqqan ayrim fuqarolar turli va’dalar va yuqori daromad ilinjida qurolli mojarolar ichiga tushib qolayotganining yana bir misoli bo‘ldi.