
Ekspertlar Rossiyada telefon va internet orqali aldash holatlari koʻpayganini aytadi. Ular jinoyatchilarning bir necha xil nayrang turlarini aniqlashdi. RF hukumati huzuridagi Moliya universiteti dotsenti Pyotr Sherbachenko 2026-yilning dastlabki besh oyidagi eng koʻp uchragan beshta aldov sxemasini ma’lum qildi.
Eng ommabop aldov usuli bir necha bosqichdan iborat. Avval insonga soxta bank xodimi, keyin esa soxta tergovchi qoʻngʻiroq qiladi. Jinoyatchilar telefon raqamlarini oʻzgartirish uchun maxsus dasturlardan foydalanishadi. Ular qurbonni qoʻrqitib, barcha pullarni begona hisob raqamlariga oʻtkazishga, kredit rasmiylashtirishga yoki naqd pullarni kuryerga berishga majbur qilishadi.
Ikkinchi sxema gullar, xatlar yoki joʻnatmalarni yetkazib berish bilan bogʻliq. Soxta kuryer qoʻngʻiroq qiladi va buyurtma olinganligini tasdiqlash uchun SMS kodni aytishni soʻraydi. Aslida bu kod firibgarlarga bank ilovasiga yoki «Gosuslugi» portalidagi shaxsiy kabinetga kirish imkonini yaratadi.
Uchinchi koʻp uchraydigan usul kommunal xizmatlar toʻlovi bilan bogʻliq aldov boʻldi. Jinoyatchilar soxta QR-kodlari boʻlgan qalbaki JKX kvitantsiyalardan foydalanmoqda. Shuningdek, ular xizmatlar uchun toʻlov qilishga xavfli havolalar yuborishadi yoki rasmiy servislar niqobi ostida zararli mobil ilovalarni yuklab olishni taklif qilishadi.
Firibgarlikning toʻrtinchi turi arzon sayohat yoʻllanmalar va qaynoq turlar sotuvi bilan bogʻliq. Jinoyatchilar mashhur sayyohlik kompaniyalar saytlarining nusxalarini yaratishadi. Ushbu soxta sahifalarda ular chiptalar va yoʻllanmalarni juda past narxlarda taklif qilishadi, pullarni olishadi va gʻoyib boʻlishadi.
Beshinchi sxema tanishuv saytlarida koʻp uchrab turadi. U yerda firibgarlar pullik xizmatlarni majburlab oʻtkazish yoki pullarni aldab olish uchun telefon raqamini soʻrashadi. So‘ng sizga xavfli internet havolalarini yuborib, muloqotni birorta messenjerga tezroq koʻchirishga harakat qilishadi.
Pulim firibgarlar qoʻliga oʻtib ketmasin desangiz, yuqoridagi aldovlarga uchmang!