164 04/05/2025

Chet elga ishlash uchun yo‘l olgan har bir insonning orzusi — moliyaviy barqarorlikka erishish. Ammo faqat pul topishning o‘zi yetarlimi? Yo‘q, eng muhim savol shundaki: topilgan mablag‘ni qanday qilib saqlab qolish va yanada ko‘paytirish mumkin?
Ushbu maqolada muhojirlar uchun mavjud asosiy investitsiya usullari, ularning afzalliklari va xavflari haqida gaplashamiz. Chunki investitsiya — bu faqat jamg‘arma emas, balki kelajakda daromad olish maqsadida pul, vaqt yoki resursni joylashtirish jarayonidir.

Birimg ikki bo‘lsin, desangiz…

Faqat pul yig‘ishning o‘zi yetarli emas. Ularni to‘g‘ri boshqarish, aql bilan ishlatish kerak. Yig‘ilgan pullarni ko‘paytirish uchun uni to‘g‘ri yo‘naltirish, foyda “tomib turadigan” ishlarga tikish muhim.

Investisiya sizga nima beradi?

-Inflatsiya ta’siridan himoyalanasiz;
-Qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lasiz;
-Passiv (“tomib turadigan”) daromad manbalari yaratasiz;
-Moliyaviy mustaqillikka erishasiz;
-Vatanga qaytish uchun kapital yig‘asiz.

“Nimaga pul tikkanim ma’qul?”

Bu pullarini ko‘paytirishni istaydigan har bir muhojirni o‘ylantiradigan savol. Avval bunday uslublardan foydalanmagan bo‘lsangiz, tavakkal qilishni xohlamaysiz, bor puldan ham ayrilib qolmaslikni o‘ylaysiz. Ammo, xavotir olmang. Buning tajribadan o‘tgan bir nechta uslublari bor.
Quyida bir nechta variantlarni tavsiya qilamiz:

1. Chet el valyutasi (dollar va yevro) xarid qilish

Bu sizga nima beradi?

  • Qimmatni yo‘qotmasdan saqlash imkoni;

  • Xarid va sotish juda oson;

  • Saqlash qulay.

Muammoli tomonlari nimada?

  • Valyuta kurslari o‘zgaruvchan;

  • Doimiy daromad kafolati yo‘q;

  • Naqd pulni saqlash xavfli.

2. Oltin sotib olish. Bu an’anaviy va xalq orasida keng tarqalgan uslublardan biri. Nega oltin sotib olish kerak?

  • Uzoq muddatli va barqaror sarmoya;

  • Yaqin yillarda yillik 8–10 foiz qiymat oshishi kuzatilgan;

  • Deyarli har bir mamlakatda tan olinadi;

  • Bankda oltinga bog‘langan metall hisobini ochish mumkin.

Albatta, bunda ham o‘ziga xos risklar bor.

Masalan:

  • Jismoniy oltinni saqlash uchun qo‘shimcha xarajatlar bo‘lishi mumkin;

  • Qalbaki mahsulotlarga duch kelish ehtimoli yo‘q emas;

  • Tashish bilan bog‘liq muammolar kuzatilishi mumkin.


3. Aksiyalar va qimmatli qog‘ozlar sotib olish


Bu muhojirlar orasida keng tarqalmagan. Biroq boshqalar foydalanayotgan pul ko‘paytirish usullaridan biri.

Sizga aksiya nima beradi?

  • Yuqori daromad imkoniyati (yillik 8–12%);

  • Onlayn boshqarish imkoni;

  • Osonlik bilan ularni pulga aylantirish.

Biroq, mutaxassislar bu ham o‘ziga xos qiyin tomoni borligini hisobga olish kerakligini aytishadi.

Masalan,

  • Bozor va moliyani tushunish talab etiladi. Qimmatli qog‘ozlar bozorini doimiy kuzatish va tahlil qilish borish kerak;

  • Qimmat tushishi mumkin, bu aksiyalar bozoriga xos kutilgan risk;

  • Hisob ochish jarayonida ba’zi mamlakatlarda murakkabliklar bor.


4. O‘zbekistonda uy va yer sotib olish


Bola-chaqasi ko‘p o‘zbeklardan eng keng tarqalgan, nisbatan sodda usullardan biri topilgan pulga ko‘chmas mulk sotib olish. Nega?

  • Ko‘chmas mulk (yer yoki uy) narxi barqaror oshib boradi;

  • Agar shaharda bo‘lsa, ijaraga berib, doimiy daromad olish mumkin;

  • O‘zi yoki farzandlariga uy-joy masalasini hal qilish imkoniyatini beradi.


Lekin bu jarayonda ham ma’lum qiyinchiliklar yo‘q emas.


Masalan:

  • Boshlang‘ich sarmoya katta (30 000 dollardan yuqori);

  • Tezda sotish oson emas, oylar kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin;

  • Saqlash va soliqlar uchun qo‘shimcha xarajatlar ham bor.


5. Avtomobil xarid qilish: “Moshin olaman!”


“Qishloqqa qaytib, “Damas” olib, kiraga chiqaman”, deydigan o‘zbeklarning sanog‘i yo‘q. Chunki bu eng oson yo‘llaridan biri.
Chindan ham avtomobil xarid qilishning nisbatan oson afzalliklari bor:

  • Ijaraga berish yoki shaxsan taksichilik qilish mumkin;

  • Muddatli to‘lov orqali sotib, 15–30 foiz daromad olish imkoni mavjud.


Ammo moliyaviya bo‘yicha mutaxassis Oybek Rahmatullaev buni tavsiya qilmaydi va eng daromadi past usul, deb hisoblaydi.

  • Ta’mir va xizmat ko‘rsatish xarajatlari bor;

  • Avtomobil narxining hozir tez pasayib borayotgani;

  • Xaridor yoki ijarachi to‘lovi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelishi mumkin.


6. Chorvaga sarmoya qilish


Muhojirlar orasida vatanga qaytib, chorvachilik bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotganlar ko‘p. Ayrimlar esa pulni o‘zlari emas, qarindoshlar orqali qo‘y, mol, tuxumdor tovuq yoki qo‘zilarga aylantirmoqda.

Sababi:

  • Tez ko‘payadi — masalan, qo‘y yiliga 1–2 marta qo‘zilaydi;

  • Bozori bor — go‘sht, sut, jun, tuxum sotish mumkin. Ayniqsa, bayramlar vaqtida narx ko‘tariladi;

  • Katta kapital talab qilmaydi (5–10 bosh qo‘ydan boshlash mumkin);

  • Qishloqdagi qarindoshlar band bo‘ladi — ishsizlarga ish yaratiladi.


“Minus” tomonlari ham bor, albatta:

  • Kasallik xavfi — epidemiyalar yoki veterinariya nazorati yetishmasligi yo‘qotishga olib kelishi mumkin;
  • Noto‘g‘ri parvarish — zarar — yetarli ozuqa, suv va joy bo‘lmasa, sarmoya ketadi;

  • Kuzatuv qiyin — muhojirlar uchun masofadan nazorat qilish mushkul;

  • Savdoda ishonch masalasi — ayrim hollarda qarindoshlar yoki sheriklar hisobot bermaydi.

Agar ishonchli, tajribali odamlar bilan qo‘shilib qilinsa, chorvachilik — nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy foydali loyiha bo‘lishi mumkin. Ammo avval yaxshilab kuzating, tajribasi borlar bilan maslahatlashing.

7. O‘zbekistonda shaxsiy biznes ochish

Eng ko‘p tanlangan sohalar: mini-marketlar, ta’mirlash xizmatlari, umumiy ovqatlanish, sartaroshxonalar.

Uning qanday afzalliklari bor?

  • Yuqori daromad (yillik 20–50%);

  • Muvaffaqiyatli biznes tez o‘sadi;

  • Iste’molchilar soni barqaror o‘sib boradi.

Qanday kamchiliklari bor?

  • Xavf yuqori (bizneslarning 88% uch yilgacha yopiladi);

  • Doimiy nazorat va shaxsiy ishtirok talab etiladi;

  • Katta raqobat va marketing zarurligi.


Muvaffaqiyat omillari nimalarda?

  • Bozorni puxta o‘rganish kerak;

  • Bosqichma-bosqich rivojlanib borish zarur;

  • Foydani qayta investitsiya qilgan ma’qul;

  • Ishonchli jamoa tuzishga intilish muhim;

  • Migratsiyada orttirilgan tajribadan foydalanish zarur.


Qissadan hissa…

Musofirchilikdan ishlab topgan barcha pulni bir joyga sarflamang! Sarmoyalarni turli yo‘nalishlarga ajrating. Imkoni bo‘lsa, turli yo‘nalishlarga ajrating. Unisi bo‘lmasa, bunisi sizga foyda keltiradi.

Avval ko‘p takrorlaganimizdek, «moliyaviy xavfsizlik yostiqchasi» yarating — kamida 3–6 oylik xarajatlaringizni bankda saqlang!

Kichik biznesga faqat o‘zingiz shaxsan nazorat qila olsangiz, sarmoya kiriting. “O‘zi yo‘qni, yuzi yo‘q”, deganlaridek mulkingiz talon-taroj bo‘lishi ehtimoli bor. Shuning uchun ishni o‘ta ishonchli odamlarga topshiring!

Ko‘chmas mulkda — sotishni kutgandan ko‘ra, ijaradan foyda ko‘rish yaxshiroq.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya