
Jizzax viloyati sudi Rossiya–Ukraina urushida yollanma jangchi sifatida ishtirok etgan fuqaro M.N.ga nisbatan avval tayinlangan 5 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirdi.
Sud mahkumning jazoni yengillashtirish haqidagi shikoyatini qanoatlantirmadi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, M.N. 2021-yil sentyabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. U mamlakatning turli shaharlarida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullangan. Keyinchalik tanishlarining taklifi bilan Checheniston Respublikasining Shelkovskoy tumaniga borib, 2022-yil aprel oyi boshlariga qadar qurilish ishlarida ishlagan.
Tergov va sudda aniqlanishicha, aynan shu vaqtda u Rossiya Mudofaa vazirligi tasarrufidagi «A.Kadirov» nomidagi maxsus amaliyotlar 1-polki (Spesnaz polki) harbiy xizmatchilari ta’siriga tushgan. Shundan so‘ng u moddiy va boshqa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab mazkur harbiy tuzilmaga qonunga xilof ravishda yollangan.
2022-yil 7-aprel kuni M.N. ushbu polk harbiylari bilan avtobusda Rostov viloyati orqali Ukraina hududiga, Lugansk shahriga yo‘l olgan. Sud qayd etishicha, fuqarosi bo‘lmagan, u yerda doimiy yashamagan va biror davlat tomonidan rasmiy harbiy xizmatni bajarish vakolatiga ega bo‘lmagan holda qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan.
Hujjatlarga ko‘ra, M.N. 2022-yil 8-iyunga qadar “Lugansk xalq respublikasi” deb ataluvchi hududning Rubejniy qismida joylashgan Rossiya harbiylari pozisiyalarida jangovar qo‘riqchilik xizmatini o‘tagan hamda boshqa harbiy tayyorgarlik ishlarida qatnashgan.
Shundan keyin u yana Chechenistonga qaytib, turli qurilish ob’yektlarida ishlashda davom etgan. 2023-yil 26-yanvar kuni esa O‘zbekistonga qaytgan.
Birinchi instansiya sudi M.N.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanma askarlik) bilan aybli deb topib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi. Keyinchalik apellyasiya va taftish instansiyalari ham ushbu hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Sudda M.N. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini, jinoyatni ochishga faol yordam berganini va oilaviy ahvolini inobatga olib jazoni yengillashtirishni so‘ragan. Biroq sud uning jazoni o‘tash davrida ham tuzalish yo‘liga o‘tmagani haqida jazoni ijro etish muassasasi tomonidan berilgan tavsifnomani ham inobatga olgan holda shikoyatni rad etdi.
“So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman” deganlaridek, o‘zga davlat qurolli kuchlariga yollangan shaxs qancha pushaymon bo‘lmasin, endi kech – u qilmishiga yarasha jazosini oladi.